TOShKENT, 21-may – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Islom taraqqiyot banki Prezidenti Bandar Hajar bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmui huzurida insoniyat taraqqiyotiga benazir hissa qo‘shgan Imom Buxoriy va boshqa buyuk o‘zbek mutaffakirlarining boy diniy-ma’naviy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazini tashkil etishda ITBning ishtiroki yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston hukumati va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tuzish to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Uchrashuvda shuningdek, O‘zbekiston va ITB o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani, tomonlar ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishdagi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish borasida keng ko‘lamli hamkorlik qilayotgani ta’kidlandi.
Xususan, Islom taraqqiyot banki tomonidan O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, ta’lim, irrigatsiya va melioratsiya, energetika, suv ta’minoti, kommunal xo‘jalik, yo‘l infratuzilmalarini rivojlantirish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash kabi sohalarga mablag‘ ajratilayotgani bunga misol bo‘lishi mumkin.