TOShKENT, 17-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Guliston shahrida qurilgan zamonaviy uylarni borib ko‘rdi, deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot-xizmati.
2015-2016-yillarda Guliston shahrining O‘zbekiston va Birlashgan ko‘chalarida 180 xonadonga ega 15 ko‘p qavatli uy qurildi.
Uylarning birinchi qavati savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga mo‘ljallangan.
Mirziyoyev shu uylar joylashgan "Namuna" mahalla fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurdi. Mahalla raisi va faollari bilan muloqotda mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlash, odamlarning turmush darajasi va ishonchini oshirish, mahalla idoralarining imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotan islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Davlat rahbari Sanjar Murodov xonadonida bo‘ldi. Fuqarolar yig‘ini binosida mahalla raisi, maslahatchilar va profilaktika inspektori ishlashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Shu yerda Guliston shahrining bosh rejasi asosida amalga oshiriladigan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari taqdimoti ham o‘tkazildi.
Mirziyoyev bu inshootlarning ijtimoiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Loyihalarni takomillashtirish, qurilish ishlarini o‘z vaqtida, sifatli bajarish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.