TOShKENT, 13 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumanidagi "Katta Xirmontepa" va "Yakkatut" mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘ldi, deb xabar berdi O‘zbekiston IIV matbuot-xizmati.
O‘zbekiston rahbari maktab – ta’lim-tarbiya maskani ekanini, bu joydagi obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlagan. "Ta’lim muassasalari oldida doimo gul ekilgan, saronjom-sarishta bo‘lishi kerak", — deb qo‘shimcha qilgan u.
"Yakkatut" mahallasida ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi, ikkita maktab, ikkita kollej faoliyat yuritmoqda. Prezident mazkur mahalla hayoti bilan tanishdi, xalq bilan muloqot qilgan. Shu yerda Mirziyoyevga Toshkent shahrida qurilishi rejalashtirilgan namunaviy mahalla markazlari loyihalari haqida axborot berilgan.
Joriy yilning mart oyida Mirziyoyev Yunusobod tumanidagi Uvaysiy nomidagi mahallada bo‘lib, bu yerda fuqarolar yig‘ini xodimlari, profilaktika inspektori va aholi uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan tanishar ekan, poytaxt, qolaversa, mamlakatning barcha hududlarida mana shunday mahalla markazlarini bunyod etish haqida ko‘rsatmalar bergan edi.
Taklif etilayotgan yangi mahalla markazlari loyihasida mahalla raisi, kotib va maslahatchilar, profilaktika inspektori uchun alohida xonalar bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bu xalqqa xos hamjihatlik, mehr-oqibat fazilatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi, deya qayd etilgan xabarda.
Davlat rahbarining tavsiyasiga ko‘ra, profilaktika inspektori o‘zi ishlaydigan mahalla hududida yashashi lozim. Bu profilaktika inspektori mahalladagi har bir xonadon bilan yaqin muloqot o‘rnatishi, ko‘chalar va jamoat joylarini qat’iy nazoratga olishida muhim ahamiyatga ega.
Profilaktika inspektorlarini xizmat uylari, imtiyozli kreditlar hisobiga mashinalar bilan ta’minlash, ularning yashashi va samarali ishlashi uchun barcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha zarur topshiriqlar berilgan.
"Mahalla xalq bilan davlat o‘rtasidagi ko‘prik bo‘lishi kerak. Odamlarning quvonchu tashvishidan doimo xabardor bo‘lish mahallaning asosiy vazifasidir", — deb qayd etgan Mirziyoyev.