TOShKENT, 15-may – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekinda bo‘lib o‘tayotgan “Bitta belbog‘ – bitta yo‘l” forumida nutq so‘zladi.
O‘z nutqida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi rivojlanishi hamda bugun kunda Respublikada xorijiy saromalar uchun yaratilgan qulayliklar haqida gapirdi.
Shuningdek prezident, qadim zamonlarda Xitoydan Yevropa va Fors ko‘rfazi mamlakatlarigacha yetib borgan Buyuk ipak yo‘lining insonoyat tarixida tutgan o‘rni va ahamiyati haqida ham gapirdi.
“Buyuk ipak yo‘li nafaqat hududlar o‘rtasida savdo-sotiq aloqalarini, balki davlatlar va qit’alar o‘rtasida axborot almashuvini ta’minlashga xizmat qilgan, yangi mahsulotlar va qishloq xo‘jaligi ekinlari tarqalishida, madaniy qadriyatlarning rivojlanishida muhim vosita vazifasini bajargan va shu tariqa sivilizatsiyalararo muloqot uchun shart-sharoitlar yaratilgan”, — dedi Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida.
Ushbu tarixdan kelib chiqqan holda, bugun Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan “Bitta belbog‘ – bitta yo‘l” forumi ham hozirgi zamonda dunyo mamlakatlari orasida iqtisodiy hamkorlikni yanada kuchaytirish, savdo va investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek turizm, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi, dedi Mirziyoyev.
Prezident, shuningdek, O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida qulay joylashgani, zamonaviy transport va kommunikatsiya tizimlariga ega bo‘lgani tufayli turli mamlakatlar ishbilarmon vakillarining unga qiziqishi ortib borayotganini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, “Bitta belbog‘ – bitta yo‘l” forumida ishtirok etish uchun dunyoning 110 mamlakatidan 1200 nafar vakillar kelgan. Ular orasida 29 mamlakat rahbarlariham bor.
“Jahon” – axborot agentligi xabariga asosan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.