TOShKENT, 15-may — Sputnik. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shavkat Solihov Xitoy Fanlar akademiyasining "Xalqaro ilmiy hamkorlik uchun" mukofoti bilan taqdirlandi, deb xabar qildi "Xalq so‘zi" nashri.
"Xitoy Fanlar akademiyasi bilan samarali hamkorlik va iqtidorli ilmiy xodimlarni tayyorlash yo‘lida qilgan xizmatlarimni hamkorlarimiz yuksak baholaganidan behad mamnunman. Hali qilinajak ishlarimiz ko‘p. Yirik tadqiqot loyihalarini tashkil etish va amalga oshirishni maqsad qilganmiz", deb aytgan olim mukofotni qabul qilar ekan.
Akademik Shavkat Solihov O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, oqsil kimosi, toksinlar kimosi va biotexnologiya sohasida taniqli olim.
Uning ilmiy faoliyati tabiatdan olingan biologik aktiv toksinlar, fermentlar hamda boshqa moddalarning tuzilishi va funksiyalarini o‘rganishga qaratilgan bo‘lib, fanda birinchi marta O‘rta Osiyo hayvonlari zaharlaridan toksik xossalarga ega bo‘lgan 50 dan ortiq fiziologik faol oqsil hamda peptidlar ajratib olingan. Shulardan 15 moddaning kimoviy strukturasi aniqlangan.
Shavkat Solihov O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti lavozimida ishlagan kezlari, ayniqsa, ilm-fanning ta’lim va ishlab chiqarish bilan integratsiyalashuviga katta hissa qo‘shgan.
Akademik Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, —Xitoy Xalq Respublikasi singari davlatlar ilmiy muassasalari bilan xalqaro ilmiy-texnik dasturlar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish ishlarida ham jonbozlik ko‘rsatmoqda.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.