TOShKENT, 13-may — Sputnik. O‘zbekistonda manzarali bog‘dorchilik va o‘rmon xo‘jaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazi negizida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimida O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonida keltirilgan.
Farmonga muvofiq, ichki va tashqi bozorlar ehtiyojini tizimli o‘rganish asosida respublikada manzarali bog‘dorchilikni rivojlantirishning yagona strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, manzarali, mevali daraxtlar va buta ko‘chatlari yetishtirish, dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini yaratish O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi.
Bundan tashqari, institut tog‘ yonbag‘irlarida, cho‘l va lalmi yerlarda yetishtiriladigan, qurg‘oqchilikka, kasallik va zararkunandalarga chidamli bo‘lgan o‘simliklar seleksiyasi va urug‘chiligi bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib boradi, o‘rmon fondi yerlarining ekologik holatini yaxshilash, o‘rmonlarni kengaytirish va qayta tiklash, cho‘lga aylanishining oldini olish, ihota o‘rmonlari barpo etish bo‘yicha samarali innovatsion usullarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.
Mintaqalarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda qurg‘oqchilikka, zararkunanda va kasalliklarga chidamli o‘simliklar turlarini tanlash, manzarali o‘simliklarni rayonlashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish hamda import o‘rnini bosadigan dorivor o‘simliklar urug‘lari, shuningdek, manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari yetishtirishni tashkil etish ham ilmiy-tadqiqot institutining vazifalaridan hisoblanadi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.