Toshkentda Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi ish boshladi

© SputnikVistavka yarmarka produksii promishlennix tovarov Respubliki Uzbekistan 2017
Vistavka yarmarka produksii promishlennix tovarov Respubliki Uzbekistan 2017 - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Yarmarka doirasida III Toshkent xalqaro innovatsion forumini o‘tkazish mo‘ljallangan. Unda qator davlatlar, Jahon banki, Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi mutaxassislari va ekspertlarining ishtiroki kutilmoqda

TOShKENT, 12-may — Sputnik. Toshkentda ish boshlagan X Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida an’anaviy besh yo‘nalish – sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, axborot texnologiyalari va fan-ta’lim sohalari uchun 500 dan ortiq innovatsion g‘oya, texnologiya va loyiha namoyish etilmoqda, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Farg‘ona politexnika instituti ilmiy jamoasi taklif etayotgan loyihalarda muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanishga keng o‘rin ajratilgan. Oliy o‘quv yurti mutaxassislari Namangan viloyati hududidagi tog‘ jinslariga ishlov berib, texnik kremniy mahsuloti oldi. Yarim tayyor bu mahsulotga ishlov berishni davom ettirib, quyosh batareyalari yaratishda foydalanish mumkin.

Svetoforlarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan qurilma kashf qilindi

Svetoforlarni energiya bilan ta’minlash va boshqarish qurilmasi ikki oydan buyon Farg‘ona shahrida sinovdan o‘tkazilmoqda. Natijada elektr energiyasi ancha tejalgani kuzatildi. Istiqbolda shaharda bu ixtirodan kengroq foydalanish taklif etilmoqda.

Farg‘ona politexnika instituti o‘qituvchisi Umidjon Rustamovning aytishicha,  Farg‘ona shahridagi Marg‘ilonsoyda kichik GESning uch kilovattli loyihasi sinovdan o‘tkazildi.  Uni yanada takomillashtirish maqsadida "Farg‘onaazot" aksiyadorlik jamiyati, Marg‘ilon traktor ta’mirlash zavodi bilan hamkorlikda ikkita ellik kilovattli GES qurildi. Hozir azot ishlab chiqarish bilan birga bu energiyadan shahardagi bog‘lar hududini yoritishda foydalanilmoqda.

X Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida yosh olimlar, tadqiqotchilar, talabalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan. Ular o‘z ilmiy va amaliy ishlanmalarini namoyish etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Yarmarkada yosh olim va talabalar yaratgan 100 dan ortiq ishlanma namoyish etilmoqda.

– Muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish borasidagi izlanishlarimiz tufayli issiqlik saqlovchi penobeton yaratildi, – deydi Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining to‘rtinchi kurs talabasi Bahodir Soliyev. – U oddiy qurilish betoniga nisbatan yetti barobar yengil bo‘lib, uylarning tashqi, ajratuvchi devorlariga, polga qo‘llasa bo‘ladi. Ichi g‘ovak bo‘lgani hisobiga shovqin, issiq va sovuq havoni o‘tkazmaydi. Hozir Samarqand viloyatidagi "Alina Invest" qo‘shma korxonasida penobetonlar keng miqyosda ishlab chiqarilmoqda.

O‘zbekiston bayrog‘i - Sputnik O‘zbekiston
Made in Uzbekistan - chet el mahsuloti bilan bellasha oladigan texnologiyalar taqdim qilindi

Yarmarka doirasida III Toshkent xalqaro innovatsion forumini o‘tkazish mo‘ljallangan. Unda Germaniya, Bolgariya, Italiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Rossiya kabi davlatlar, Jahon banki, Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi mutaxassislari va ekspertlarining ishtiroki kutilmoqda.

Forumning asosiy maqsadi dunyoda innovatsiya tizimlarining rivojlanish tendensiyalari, innovatsiya faoliyatining rivojlanish holati, muammolari va istiqbollarini tahlil qilish, milliy innovatsiya tizimini shakllantirishda turli omillarning o‘rnini aniqlash hamda O‘zbekistonni innovatsion faolligi yuqori bo‘lgan hududga aylantirishga ko‘maklashishdan iborat.

Hozirga qadar o‘tkazilgan yarmarkalar doirasida 4 ming 200 ga yaqin innovatsion g‘oya va texnologiya namoyish etilib, umumiy hajmi 144 milliard 100 million so‘m bo‘lgan 4 mingdan ortiq shartnoma imzolangan. Natijada qariyb 2 trillion 200 milliard so‘mga yaqin 62 nomdagi yangi seriyali mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda, 59 shartnoma doirasida mahsulotlarning tajriba-sinov va sanoat namunalari yuzaga keldi. Shu bilan birga, yuzlab korxona, fermer xo‘jaligi va tadbirkorlik subyektlariga ilmiy va amaliy xizmatlar ko‘rsatilmokda.

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.

Yangiliklar lentasi
0