TOShKENT, 12-may — Sputnik. O‘zbekiston IIV matbuot-xizmati Farg‘ona politexnika institutining bir guruh olimlari yangi loyiha ishlab chiqqani haqida xabar berdi.
Ba’zan elektr energiyasining uzilib qolishi natijasida svetoforlar ishlamasligi yo‘lda tirbandlik hosil bo‘lishiga olib kelardi. Qizil chiroqning yashilga, yashilning sariq chiroqqa hech bir ogohlantirishsiz o‘tib ketishi haydovchilarga noqulaylik tug‘dirardi. Yangi qurilma bunday kamchiliklarni bartaraf qilishda yordam beradi, deya ta’kidlangan xabarda.
Yer usti transporti tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi kafedrasi mudiri Mahmudjon Turdiyevning so‘zlariga ko‘ra, qurilma elektron akkumulyator va elektr qutisidan tashkil topgan. Elektr toki past kuchlanishda bo‘lganda yoki uzilib qolganda doimiy o‘zida yig‘ilgan energiya bilan ta’minlaydi.
Aytilishicha, qurilma dastlab viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida Farg‘ona shahar Vatanparvar ko‘chasi chorrahasidagi svetoforga qo‘yilib, sinovdan o‘tkazilgan. Hech qanday kamchiliklar aniqlanmagach, Ahmad Farg‘oniy, Aeroport, Mustaqillik, Bahor ko‘chalari chorrahasidagi svetoforlarga qo‘yilishi belgilangan.
Yil yakuniga qadar 214 chorrahadagi svetoforlar qurilma bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.