TOShKENT, 12-may — Sputnik. O‘zbekiston yaqin vaqtlarda paxtani to‘liq mashinalar yordamida terish usuliga o‘tishni rejalashtirmoqda, deb ma’lum qildi jurnalistlarga “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ raisi Nodir Otajonov.
Otajonovning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun respublika ichki bozoriga 10 000 donagacha paxta terish texnikasini keltirish talab etiladi. Ana shunda mamlakatda paxtani 100 % mexanik ravishda terishga erishsa bo‘ladi. Bugungi kunda mamlakat dalalarida 1000 donadan ortiq paxta terish mashinalaridan foydalanilmoqda.
"Paxta terishni mexanizatsiyalashtirish mamlakatimiz uchun ustuvor vazifa hisoblanadi. Bunday mashinalarni ishlab chiqarish shuningdek, dalalarni tayyorlashdan tortib chigit ekish, kultivatsiyalash, sug‘orish va boshqa kompleks vazifalarni ham ko‘zda tutadi. Raqamlarga keladigan bo‘lsak, mamlakatda 5000 dan 10000 donagacha shunday mashinalarga ehtiyoj bor", — dedi xolding rahbari.
U shuningdek, mamlakatda yiliga 1000 tadan 1500 tagacha paxta terish mashinalarini ishlab chiqarish imkoniyati mavjudligini qo‘shib qo‘ydi. Joriy yilda 600 donadan ortiq paxta terish texnikasini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
"Kelgusi 5-yil davomida jiddiy sur’atlar bilan olg‘a siljiymiz, deb o‘ylayman. Tez orada biz paxta terimini mexanizatsiyalashtirishimiz lozim, chunki qo‘l terimi juda ko‘p mablag‘ talab etishi va ko‘plab odamlarni jalb qilishini yaxshi bilamiz. Yangi xoldingni tashkil etish orqali bunday dolzarb vazifalarni nisbatan qisqa vaqt ichida hal etish nazarda tutilmoqda. Kelasi yilgacha ichki bozorga kamida 1000 ta paxta terish mashinasi yetkazib beriladi, deb o‘ylayman", — dedi Otajonov.
Uning aytishicha, qo‘l terimidan mexanizatsiyalashtirishga o‘tish jarayoni silliq kechmayapti. Shu bois xolding tizimida ushbu yo‘nalishdagi masalalar majmui ustida ish olib borilmoqda. Bosh ustuvor vazifa mashinalarning yuqori sifatli bo‘lishini ta’minlashdir. Shu maqsadda, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini chuqur modernizatsiyalash bo‘yicha ish boshlangan, zamonaviy texnologiyalarga ega 10 dan ortiq ishlab chiqaruvchilar, xususan mahalliy avtosanoat bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
"Biz nafaqat mashinalarimizdan foydalanayotganlar bilan balki keyinchalik e’tirozlar bo‘lmasligi uchun paxta xom ashyosini qabul qilib oluvchilar bilan ham ishlayapmiz. Joriy yilda mashinalarimiz raqobatbardosh va samarali ekanligini namoyish qilamiz", — deb qo‘shimcha qildi xolding raisi.
Eslatib o‘tamiz, 2016-yil oxirida tashkil etilgan "O‘zagrotexsanoatxolding" kompaniyasi qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish, sotish va servis xizmati ko‘rsatish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga mexanizatsiyalashgan xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.