TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Toshkent shahridagi Nurafshon va Xumdonsoy ko‘chalari kesishmalarida tajriba sifatida taymerga ega yorug‘lik diodli svetoforlar o‘rnatildi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
"Shaharda qo‘llanib kelinayotgan odatdagi qurilmalardan farqli ravishda, svetoforning sariq chirog‘i o‘rnidagi raqamlar agarda harakatlanishni taqiqlovchi chiroq yonib turgan bo‘lsa qizil, ruxsat beruvchi ishora vaqtida esa yashil rangda yonadi. Bu svetoforlarning sinovi bir necha kun oldin boshlandi va bir necha oy davomida davom etishi mumkin", — deb ta’kidlagan IIBBda.
Qayd etish joizki, avvalroq YHXB vakillari poytaxtdagi qayd etish kameralari o‘rnatilgan 115 ta chorrahaga taymerlar o‘rnatish rejasining mavjud emasligini ma’lum qilgan edi. Toshkentda jami 400 ta chorraha mavjud.
O‘zbekistonning bir qancha shaharlarida taymerli svetoforlardan bir necha yillardan buyon foydalanib kelinmoqda.