Videoqaydlov tizimi Toshkent ko‘chalarida tiqilinchlarga sabab bo‘ldi

Obuna bo‘lish
Sababi esa oddiy - haydovchilarning shahar ichidagi o‘rtacha tezliklari pasaydi, svetoforning sariq va qizil chiroqlarida to‘xtaydigan bo‘lishdi, bu albatta harakatlanish tezligini susaytirdi, lekin xavfsizlikni ta’minladi

TOShKENT, 16 mar — Sputnik. Toshkentda yo‘l harakati qoidalari buzilishini qayd qilish videotizimining ishga tushishi poytaxtning markaziy qismida tiqilinchlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.

Sputnik O‘zbekiston muxbirlari poytaxtning eng gavjum ko‘chalarida bo‘lishib, haydovchilarning yo‘l harakati qoidalariga nisbatan munosabati qanchalik o‘zgarganini kuzatdilar. Kuzatuvlarga ko‘ra, birdaniga xulosa chiqarish qiyin, lekin vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarayotgani aniq.

Mobilniy kompleks videonablyudeniya - Sputnik O‘zbekiston
Toshkentda YHQ buzilishini videoqayd qilish tizimi ishga tushdi

Endi aksariyat haydovchilar svetoforning o‘chib-yonayotgan yashil yoki sariq chirog‘ida g‘izillab o‘tib ketishga urinishmayapti. Svetoforlarda ortda turgan haydovchilarning sariq chiroq yonganida jazavaga tushgancha signal chalishlari ham asta-sekin o‘tmishga ravona bo‘lmoqda.

Svetofor oldidagi to‘xtash chizig‘iga ham haydovchilar ehtiyotkorlik bilan yaqinlashishmoqda. Shahar markazidagi ikki soatlik sayrimiz davomida stop-chiziqni bosib o‘tgan atigi 20tacha mashinaga ko‘zimiz tushdi. Bunda ayrimlar o‘zi xohlagan joydan burilib ham ketdi. Chamasi, bu haydovchilar axborot bo‘shlig‘idan tushib qolishgan va shaharda kameralar ishga tushganidan bexabarga o‘xshaydi. Nima ham derdik, ular tomon "baxt maktubi" yo‘l olgan bo‘lsa ajabmas.

Kompleks avtofiksatsii narusheniy PDD - Sputnik O‘zbekiston
Toshkentda 15-martdan yo‘l kameralari jarima yozishni boshlaydi

Eng qizig‘i, haydovchilarning o‘ta tartibli bo‘lib qolishlari shahar markazida katta tiqilinchlarni yuzaga keltirdi. Bu ayniqsa, S-5, "Panorama" kinoteatri, "Bunyodkor" stadioni, Shuhrat va "Minor" bekati chorrahalari, "Poytaxt" biznes markazi yaqinida kuzatildi.

Sababi esa oddiy — haydovchilarning shahar ichidagi o‘rtacha tezliklari pasaydi, svetoforning sariq va qizil chiroqlarida to‘xtaydigan bo‘lishdi, bu albatta harakatlanish tezligini susaytirdi, lekin xavfsizlikni ta’minladi.

Umid qilamizki, poytaxt ko‘chalarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan jarayon davom etadi.

Yangiliklar lentasi
0