TOShKENT, 10 may — Sputnik. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp va AQSh davlat kotibi Reks Tillerson bilan uchrashdi.
"O‘zaro munosabatlarimizdagi murakkabliklarga qaramasdan, xalqaro kun tartibida turgan eng dolzarb muammolarni hal qilish bizning mamlakatlarimiz qo‘lidan keladi", — dedi Sergey Lavrov bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida.
Vazir aytishiga qaraganda, ikki mamlakat vakillari Ostonada bo‘lib o‘tadigan Suriya muzokaralarining keyingi bosqichi istiqbollarini hamda Suriyada mojarosiz hududlar tashkil qilish haqida fikr almashgan. AQSh va Rossiya vakillari Suriyada shunday hududlar tashkil qilinishi gumanitar muammolarni hal qilishga va vaziyatni tezroq siyosiyo yo‘l bilan barqarorlashtirishga yordam berishiga ishonishdi.
Moskva va Vashington uchrashuvida, shuningdek Falastin-Isroil masalasi, Afg‘onistondagi vaziyat va Ukraina mojarosini hal qilishda Minsk shartnomasiga amal qilish masalalari muhokama qilindi.
Lavrov aytishiga qaraganda, Tramp jamoasi, "ishni ko‘zini biladigan odamlar" ekan. Ular muayan muammolarni hal qilish uchun kelishishga tayyor. "Qisqasi, hozir bizning suhbatimiz Obama ma’muriyatiga xos, mafkuradan xoli bo‘lgan", — dedi Lavrov.
"Prezident Tramp, muammolarni hal qilish uchun, o‘zaro manfaatli, pragmatik munosabatlar qurishga tayyor ekanini bildirdi", — dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri.
Shuningdek, Lavrov Putin va Tramp Germaniyada bo‘lib o‘tadigan "Katta yigirmatalik" sammiti doirasida uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirganini xabar qildi.
Bugun Oq uyda bo‘lib o‘tgan muzokaralar, yopiq eshiklar ortida, bir soatdan uzoq davom etdi. Muzokaralarda tashqi ishlari vaziriga Rossiyaning AQShdagi elchisi Sergey Kislyak hamrohlik qildi.
Lavrovning AQShga bo‘lgan ushbu safari Reks Tillersoning 12-aprel kuni Moskvaga bo‘lgan rasmiy safariga javob sifatida uyushtirildi. O‘shanda Tillerson Moskvada kun uzun muzokaralarda ishtirok etib so‘ngra Putin bilan uchrashgan edi.