TOShKENT, 8-may — Sputnik. Shu kunlarda poytaxtdagi Do‘stlik bog‘ida Shomahmudovlar oilasiga haykal o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Eslatib o‘tamiz, Ikkinchi jahon urushi davrida toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov ayoli bilan front chizig‘ida bo‘lgan mamlakatlardan evakuatsiya qilingan boshpanasiz va yetim qolgan bolalarini farzandlikka olib, tarbiya berishdi, voyaga yetkazishdi, nabiralar ko‘rib, buva-buvilik gashtini ham surishdi.
Shomahmudovlar oilasi vakillarining keyingi taqdiri, bugungi hayoti haqida reportaj tayyorlashni maqsad qilgan jurnalistlar Ilmira Zayniddinova va Fozil Farhod Toshkentning Jarariq mahallasiga yo‘l olishdi.
Shomahmudovlar oilasi farzandlaridan kimlarni topishga muvaffaq bo‘ldingiz, degan savolga Fozil Farhod uch nafarini, dedi.
"Xolida opa, Shomahmudovlar oilasining eng kenja qizi Halima va o‘g‘illari Yo‘ldosh hayot. Halima intervyu berishni istamas ekan. Yo‘ldosh aka bilan hozircha uchrashish imkoni bo‘lmadi, chunki uni katta buvisi (onasining buvisi) uzoq qidirib, topgan va kelishini iltimos qilgan. Yo‘ldosh Shomahmudov shu kunlarda Ukrainada", — dedi jurnalist.
Jurnalistlar shuningdek mashhur oilaning yana bir farzandi — Rafiq Shomahmudovning o‘g‘li Tohirjon Shomahmudov bilan ham suhbatda bo‘lishgan.
"Shomahmudov oilasiga qo‘yilgan haykal Do‘stlik bog‘iga o‘rnatilayotganini eshitib, Xolida momo juda xursand bo‘ldilar”, hikoyasini davom etdi Fozil Farhod. Shomahmudovlar oilasi istiqomat qiladigan mahalla faollari "o‘zimizni mahallamizga olib kelaylik shu monumentni, ruxsat bering" deya, hukumatga xat ham yozishganini xotirlashibdi. Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, Jarariq mahallasi, Toshko‘chada yashaydiganlarning hammasi bir-biri bilan "apoq-chapoq" bo‘lib ketgan: turli millat vakillari biri-biridan qiz olib, qiz bergan… Va bu an’ana shu kungacha davom etib kelayotir. Kattami yo kichik, hattoki uch-to‘rt yashar qizaloqlar ham jurnalistlar savolga tortganda, g‘ururlanib Shomahmudovlarmiz deb javob berar ekan…
Fozil Farhod: ajdodlarimiz oldida bosh egamiz…
Donolar aytganiday, ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba naqadar qimmatga tushganini yurtimizda yashayotgan har qaysi oila, har bir kishi takror va takror anglashi, qalbidan o‘tkazishi tabiiy hol. O‘shanda 6,5 millionlik O‘zbekiston xalqining 1,5 milliondan ortig‘i urushga ketgan edi. Bu butun o‘zbek xalqining bag‘ri kuyib kul bo‘ldi, yuragi qon-qon yig‘ladi degani. Shuncha ona jigarini yulib, jangu jadallarga jo‘natdi degani. Bu qanchalab sho‘rlik ayollar ko‘ksiga sog‘inch, intizorlik nayzasi sanchildi degani.
"Harbiy komendant qaydnomalari"dan olingan bu gaplar ayni haqiqatdir. Tarixni o‘chirib bo‘lmaydi!
Sen yetim emassan,
Tinchlan, jigarim.
Quyoshday mehribon
Vataning-onang,
Zaminday vazminu
Mehnatkash, mushfiq
Istagan narsangni tayyorlaguvchi
Xalq bor-otang bor.
Shoir G‘ofur G‘ulom shunday boshlanuvchi she’rini urush davrida yetim qolgan bolalarga bag‘ishlagan. Ha, o‘zbek xalqi Ikkinchi jahon urushi davrida harbiy harakatlar qurshovida qolgan hududlar aholisini — 1 yarim milliondan ziyod odamni qabul qildi. Go‘yoki bag‘ri bo‘shab qolgan elimizning urushga ketgan yaqinlari o‘rnini bosib, yuraklariga taskinlik bo‘lganday bo‘ldi bu… Evakuatsiya qilinganlar esa boshpanasini topdi! Oilasini topdi! Ota-onasini topdi! Vatanini topdi!
Ma’lumotlarga qaraganda, ularning 400 mingga yaqini — bola, shulardan 200 mingdan ortig‘i chin yetim bo‘lgan. Shuncha bolani O‘zbekistonning minglab oilasi o‘z bag‘riga oldi va bir mayizni qirq bo‘lib yedi. Bolajonlar shu eldan mehr topdi. Bu xalqimizning azaliy bolajonligini bildirardi.
Yana bir xushxabar! Shomahmudovlar oilasiga bag‘ishlangan me’moriy yodgorlik shu kunlarda Respublika baynalmilal madaniy markazi tasarrufidagi Do‘stlik bog‘iga o‘rnatilmoqda.
Urush o‘chog‘ida bo‘lgan, front ortida beminnat xizmat qilgan buyuk bobolar, muhtarama momolar! Sizning oldingizda bosh egamiz!