TOSHKENT, 5 apr — Sputnik. Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xotira va qadrlash kunini keng nishonlash toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi. Joriy yilda 9 may umumxalq bayrami – Xotira va Qadrlash kuni tadbirlari "Qahramonlik, burch va fidoyilik" hamda "Ajdodlarni xotiralash – muqaddas qadriyat" shiorlari ostida oʻtkaziladi.
Viloyat shahar va tumanlarning koʻcha va maydonlari Xotira va Qadrlash kuniga bagʻishlangan plakat va stendlar bilan bezatiladi. Bayram dasturxonlari tuzaladi, Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar installyatsiyasi, jumladan, urush yillari qoʻshiq va musiqalari qoʻyiladi.
Yolgʻiz va kam taʼminlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari turar joyi va uy xoʻjaliklarini taʼmirlash, obodonlashtirish hamda oʻz uy-joyiga ega boʻlmaganlariga turar joy ajratish boʻyicha tegishli chora-tadbirlari ham amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Toshkent shahrida 2017 yil 9 may soat 21.00 da bayram salyutini tashkil qilishi aytilgan.