TOShKENT, 7-may — Sputnik, Dilshodbek Asqarov. Kecha O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Yashnobod tumanida bo‘ldi va bu yerda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Prezident tumandagi 32-oilaviy poliklinikaga kutilmagan tashrifni amalga oshirdi hamda poliklinika joylashgan mahalladagi aholi bilan muloqot qildi.
Shavkat Mirziyoyevning xalq ichiga kirib borishi, rahbarlarni xalq dardini tinglash va muammolarini hal etishga da’vat qilishi odamlarning minnatdorliklariga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, Mirziyoyevning Yashnobodga tashrifidan so‘ng prezidentning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi nafaqat ushbu tuman aholisi, balki boshqa tuman va viloyat ahlining ham fikrlari bilan to‘lib-toshdi.
Aksariyat fikr bildiruvchilar prezidentning tashrifi mahallaning obod bo‘lishiga, necha yillardan buyon e’tiborsiz qoldirilgan muammolar yechilishiga sabab bo‘lganini aytishadi.
Jamoliddin Muhammadjon ismli foydalanuvchi shunday yozadi: "Uch kundan beri kutamiz. Mahallamizni obod qilib tashlashdi, asfalt yotqizib, gullar ekilib, hatto podyezdlardagi o‘ttiz yillik romlarni akfaga almashtirishdi. Hamma yerga borsinlar shunaqa tayyorgarlik ko‘riladigan bo‘lsa. Juda mamnunman, rahmat)".
"Voy bizni Uchtepa tumanidagi 30-kvartal ko‘chalariga kelib hammayoq asfalt bo‘ldi. Rahmat prezidentimizga. Xalk duosini olib martabalari ulug‘ bo‘lsin. Doim sizga omad tilab duodamiz", deb yozadi yana bir foydalanuvchi.
"Daraxtlar kesilgan, 3-yil chirib yotgan uyum axlatlar tozalangan, baryerlar olingan, skameykalar bo‘yalgan. Ishlasa bo‘larkan-ku", deb yozadi Aziza Ikromova.
Ayrimlar esa o‘zlari yashayotgan hududdagi muammolar haqida yozib, prezidentning tashrif buyurishini, ana shundagina ahvol o‘zgarishi mumkinligini bildiradi.
Foydalanuvchilardan biri "30-poliklinikaga va bolalar bog‘chalariga ham kirish kerak edi. Ahvol qandayligini ko‘rgan bo‘lardi", deb yozadi va uning fikrini qo‘llab-quvvatlaganlar bor.
"Zo‘r ishlar qilmoqdalar. O‘ylagan ezgu niyat va ishlari amalga oshishi nasib etsin. Yana 500 metr yurib 282-maktabning ko‘chasiga ham kirib ketganlarida juda yaxshi bo‘lardi. Ko‘chalar umuman yo‘q bo‘lib ketgan", deya muammoni ko‘taradi foydalanuvchilardan biri.
Yana kimdir "O‘smirlar dispanseriga ham tashrif buyursalar bo‘lardi. Korxonada juda katta pul aylansa ham, atrofdagi yo‘llar juda ayanchli ahvolda. Har kuni shanbalik. Sho‘rlik hamshiralar supurishga o‘qishganmi? Prezidentimiz kelsalar bunga chek qo‘yilarmidi", deya fikr qoldirgan bo‘lsa, kimdir "Biz taraflargayam kelarmikinlar. Yo‘llarda yurib bo‘lmayapti. Qibray tumani, Yonariq mahallasiga", deb yozadi.
Ba’zi foydalanuvchilar rahbarlarni prezidentdan o‘rnak olishga chaqirishgan.
"Hamma yuqoridagi rahbarlar, hokimlar o‘rnak olsin, xalqini tanisin", deb yozadi Sadoqat Mamajonova.
Shamsiddin Yusupov esa "Har bir tumanga shunday insonlar kerak. Bir o‘ziga juda qiyin. Omad va shijoat so‘nmasin", deydi.
Shavkat Mirziyoyevga sog‘lik-omonlik tilab, amalga oshirayotgan ishlari uchun minnatdorlik bildirilgan, prezident bilan faxrlanishlari bitilgan fikrlar ham anchaginani tashkil etadi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yil Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e’lon qilingan bo‘lib, prezident barcha rahbarlardan xalq ichiga kirib borishni, xalq dardiga malham bo‘lishni talab qilmoqda. Fuqarolarning murojaatlariga bepisandlik bilan qaragan amaldorlarga tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.