TOShKENT, 4-may — Sputnik. Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining O‘zbekistondagi elchisi Eduards Stiprays ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizovning bayonotiga nisbatan fikr bildirar ekan, Yevropa terrorchilarni yashirish bilan shug‘ullanmasligini qayd etdi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Stipraysning fikricha, muammoning ikki jihati bor. Birinchisi — bu shaxslarning YeI mamlakatlarida bo‘lishlarini tartibga soluvchi ichki hujjatlar bilan bog‘liq.
"Albatta, biz ayrim hollarda ular qandaydir himoya ostida bo‘lishlari haqida gapirishimiz mumkin. Ayrim holatlarda bevosita terakt ijrochisi deportatsiya qilinishi kerak bo‘lgan, lekin turli subyektiv va obyektiv sabablarga ko‘ra deportatsiya vaqtida amalga oshmagan bo‘ladi", — dedi YeI delegatsiyasi rahbari aynan kimni nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmay.
Shu bilan birga u to‘laligicha terrorchilarni yashirish yuz bermayotganini ta’kidladi. Muammoning ikkinchi jihati haqida gapirar ekan, Eduards Stiprays o‘zbek huquqni muhofaza qilish organlari mavqelarini suiiste’mol qilgan holatlar bo‘lganini aytdi.
"Oxirgi yillarda o‘zbek organlari tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlar aksariyat hollarda ma’lum bir ishonchsizlik bilan ko‘rib chiqilgan. Menimcha, ehtimol, bu ma’lumotlarni baholashda qandaydir o‘zgarishlar yuz beradi, lekin biz o‘zbek tomoni to‘liq asoslangan ma’lumotlarni taqdim etadi deb o‘ylaymiz", — degan elchi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.