TOShKENT, 3-may — Sputnik. Maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2017 — 2021-yillarga mo‘ljallangan dasturda yosh avlodni tarbiyalashda borasidagi keng ko‘lamli vazifalar o‘z ifodasini topgan, deb xabar beradi O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.
Dasturga muvofiq, 2200 maktabgacha ta’lim muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, qishloq joylarda bunday muassasalarni yangidan qurish, ularni zamonaviy inventar, jihoz, o‘quv-metodik qo‘llanmalar hamda multimedia vositalari bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Ota-onalarga farzandini maktabga tayyorlashda yordam beriladi
Bolalarni maktabga tayyorlashni sifat jihatidan yanada yaxshilash, bunda muqobil shakllardan unumli foydalanish maqsadida respublika bo‘yicha 6,1 ming qisqa muddatli guruh tashkil etiladi.
5-6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlaydigan bu guruhlarni qishloq joylarda ochish dolzarb vazifa qilib belgilandi. Bunday guruhlarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida har yili 305 mingdan ortiq bolalar maktabga tayyorgarlik bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tadi. Hozirda O‘zbekistonda bugunga qadar 1 ming 220 ta ana shunday qisqa muddatli guruh tashkil etilib, ularga 81 ming nafar bola qamrab olindi.
"Ma’lum sabablarga ko‘ra bog‘chaga qatnamaydigan 3-6 yoshdagi bolalarning ota-onalarini metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash orqali maktab ta’limiga tayyorlashda oilaning o‘rni hamda mas’uliyatini kuchaytirish tizimi ham joriy etilmoqda", — deyiladi xabarda.
Ota-onalar uchun yetti nomdagi qo‘llanmalar yaratildi. Maktab kutubxonalari orqali ota-onalar qo‘liga bepul yetib borgan ushbu qo‘llanmalarda bolalarni maktabga tayyorlash uchun asqatadigan, nihoyatda zarur ma’lumotlar rangli-illyustratsiyali, qiziqarli tarzda bayon qilingan. Joriy yildan boshlab bosqichma-bosqich qishloq joylardagi 400 ming oilaga o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida ana shunday adabiyotlar yetkazib beriladi.
Milliondan ortiq bolalar bog‘chaga borishadi
Kelgusi besh yil mobaynida 50 ta yangi bog‘cha qurilishi hamda mavjud muassasalarning 1 ming 167 tasini rekonstruksiyalash, 983 tasini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan.
Yangi loyiha asosida bunyod etiladigan maskanlarda shinam va ko‘rkam yozgi ayvonchalar, basseynlar barpo qilinadi. Buning uchun jami 2,2 trillion so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Joriy yilning o‘zida 301 maktabgacha ta’lim muassasasida 265,4 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib boriladi.
Kompleks tadbirlarning bajarilishi natijasida bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovi bir yarim barobar oshadi. 2021-yilga borib, respublikada maktabgacha ta’lim muassasalari 1 mln 109 ming nafardan ortiq bolajonlarni o‘z bag‘riga oladi.
Kitoblar yanada ko‘payadi
2017-2018 yillarda 2 ming 420 ta maktabgacha ta’lim muassasasida o‘zbek hamda jahon adabiyotidan saralangan ellik nomdagi asarni jamlagan kichik kutubxonalar tashkil etiladi.
Maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan dasturda nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, qishloq joylarda ota-onalarning badal to‘lovi miqdorini kamaytirish chora-tadbirlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Masalan, davlat rahbarining qaroriga asosan, shu yilning 2-fevralidan boshlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ota-onalarning maktabgacha ta’lim muassasalariga badal to‘lovi 2 barobar qisqartirildi.
Dastur doirasida tizimda faoliyat yuritayotgan 55 mingdan ziyod pedagog xodimlarning malakasi bosqichma-bosqich oshirib boriladi.
Xalq ta’limi vazirligi boshlang‘ich ta’lim-tarbiya tizimining asosiy yo‘nalishlari — ta’lim jarayonining sifati, bog‘chalarda bolalar salomatligini mustahkamlash uchun yaratilgan sharoitlar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlanish, tarbiyachilarning pedagogik mahoratini muntazam nazorat qilib borishda davom etadi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.