TOShKENT, 10 mar — Sputnik. O‘zbekistondagi barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida qoshida kichik kutubxonalar tashkil etiladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, bundan maqsad 3-6 yoshdagi bolalarning sifatli maktabgacha ta’lim va tarbiya olish imkoniyatlarini kuchaytirish, shuningdek, ota-onalar, aholi va jamoatchilikning bolalarga erta ta’lim berish va oilada erta kitob o‘qishni tashkil etishning ahamiyati to‘g‘risida habardor qilishdir.
Joriy yilda 1220 ta maktabgacha ta’lim muassasasi 50 nomdagi kitoblar bilan ta’minlanadi.
Kichik kutubxona o‘zbek xalq ertaklari, rivoyatlar, hikoyalar va bolalar uchun she’riy to‘plamlar bilan ta’minlanadi va kitoblarni topish qulay bo‘lishi uchun har bir bo‘lim badiiy belgi: daraxt, ertak qahramonlar kabilar bilan nomlanadi.
Kichik kutubxonalar muassasa ichki imkoniyati hamda homiylarni jalb qilgan holda tashkil etiladi va bolajonlar uchun xizmat qiladi. Bolalarda mutolaa ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida tarbiyachilar tomonidan kitoblarni ifodali o‘qish, o‘qilgan kitoblar haqida suhbat, rasmlarni tomosha qilish, notanish so‘zlarni tushuntirish, adabiyot kechalari va biror mavzuga bag‘ishlangan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etish kabi turli usullar qo‘llaniladi.
Bugungi kunda respublikada 4893 ta maktabgacha ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, shulardan 2931 ta maktabgacha ta’lim muassasasida ma’naviyat xonalari, 526 ta muassasada muzeylar faoliyat yuritmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining "Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida"gi farmoyishida chop etilayotgan kitoblarni ta’lim muassasalari, ayniqsa, maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda o‘qish madaniyati, mutolaa ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan.