TOShKENT, 1-may — Sputnik. Oqdaryo tumani So‘g‘onchi mahallasidagi Hazrati Muxlisxon qabristoni toza-ozoda, atrofi to‘liq devor bilan o‘ralgan, kirish qismiga darvoza o‘rnatilgan, beton yo‘laklar qurilgan. E’tiborimizni tortgan narsa, ushbu qabristonga o‘rnatilgan bejirim darvozani uch yil oldin shu mahallada yashovchi fuqarolardan biri Haj ziyoratiga atagan mablag‘i evaziga qurgan ekan, deb yozadi "Zarafshon" muxbiri Anvar Mustafoqulov.
Mazkur hujjatlarda qabristonlarni obodonlashtirish, obyektlarini saqlash va ulardan foydalanish, dafn etish xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha bevosita faoliyat mahalliy davlat hokimiyati organlari ta’sis etadigan shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari (fuqarolik xizmati ko‘rsatish boshqarmalari) tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.
Bugungi kunda obodonlashtirish boshqarmalarida qabristonlarni saqlash bo‘limi ham mavjud. Misol uchun, Oqdaryo tumani obodonlashtirish boshqarmasining qabristonlarni saqlash bo‘limida 106 ta shtat bo‘lib, 76 nafar qorovul, 36 nafar nazoratchi faoliyat ko‘rsatadi. Ayni vaqtda qorovul qo‘yilmagan qabristonlar ham mavjud va ularga nazoratchilar biriktirilgan.
Obodonlashtirish ishlari qonunga muvofiq budjet mablag‘lari, xayr-ehson va mahallalar ishtirokida hashar yo‘li bilan amalga oshiriladi.
"Bugungi kungacha tumandagi 116 ta qabristondan 53 tasining atrofi devor bilan o‘raldi, – deydi Oqdaryo tuman obodonlashtirish boshqarmasi qabristonlarni saqlash bo‘limi boshlig‘i Sunnatillo Ochilov. – Budjetdan mablag‘ ajratilib, qolgan qabristonlar atrofini devor bilan o‘rash davom etmoqda. Chilla ota, Takatepa, Dahbed va Kallar qabristonlari atrofini devor bilan o‘rash shu yil nihoyasiga yetkaziladi. Shuningdek, tumandagi qabristonlarning 73 tasida hozirgacha beton yo‘laklar yotqizilgan".
Obodonchilik ishlari bilan tanishish maqsadida bir qator qabristonlarda bo‘ldik. Loish mahallasidagi qabristonning kirish qismida darvoza qurilgan bo‘lib, 130 metr hudud devor bilan, 470 metr panjara bilan o‘ralgan. Hudud toza-ozoda. 125 metrli beton yo‘lak barpo etilgan.
Tumanda hali-hamon e’tibor berish shart bo‘lgan qabristonlar ham bor. Yangiqo‘rg‘on qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi qabriston obodonlashtirishga muhtoj. Ochiq maydon o‘rtasidagi bu qabriston na devor, na panjara bilan o‘ralgan, na darvozaga ega, yo‘laklar ham talabga javob bermaydi.
Umuman, ayni vaqtda tumandagi 63 ta qabriston atrofi hali devor bilan o‘ralmagan bo‘lsa, ularning yigirmatasi butunlay ochiq holatda, ya’ni ularga loaqal panjara ham o‘rnatilmagan.
Dunyodan o‘tgan insonlarning xoki turoblari mangu qo‘nim topgan muqaddas qabristonlarni asrash, obodonlashtirish, qabrlarini ziyorat qilib, ruhlarini shod etish tiriklarning insoniy burchidir. Buni joylarda har bir fuqaro, mahalla faollari, jamoatchilik unutmasliklari lozim.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.