TOShKENT, 28 apr — Sputnik. Dasturiy ta’minot ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri "Microsoft" korporatsiyasi Toshkent shahridagi Inha universitetida o‘quv sinfini ochdi. Bu haqda universitet saytida xabar qilinmoqda.
IT-sinfi zamonaviy monoblok kompyuterlari bilan jihozlangan. Ularning barchasi "Microsoft" korporatsiyasi tomonidan beg‘araz taqdim etilgan litsenzion dasturiy ta’minotlar va yechimlar, shuningdek, mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun o‘rnatilgan qo‘shimcha uskunalar bilan ta’minlangan.
Mazkur sinfning ochilishi bilan Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari "Microsoft"ning dasturiy mahsulotlari to‘g‘risidagi o‘z bilimlarini mustahkamlashadi. IT-sinfdan davlat organlari, xususiy kompaniyalar, keng aholi vakillari ishtirokida turli xildagi mahorat maktablarini, treninglarni va seminarlarni o‘tkazishda foydalaniladi.
Tadbir doirasida Toshkent shahridagi oliy o‘quv yurtlari vakillari ishtirokida "Microsoft Education Day" seminari ham bo‘lib o‘tdi. Seminar davomida "Microsoft" vakillari qatnashchilarga ta’lim muassasalari uchun korporatsiyaning zamonaviy yechimlari to‘g‘risida ma’lumot berdilar.
Jumladan, "Microsoft"da maxsus "Innovatsion pedagoglar" hamjamiyati mavjud bo‘lib, u butun dunyodan minglab o‘qituvchilarni birlashtiradi. Har yili bu o‘qituvchilar orasidan o‘quvchilar uchun o‘quv jarayonida texnologiyalardan qiziqarli va samarali foydalana oladiganlari "E2 Educators Exchange" konferensiyasida to‘liq kompaniya hisobidan ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar.
Kompaniya o‘zining "Microsoft Imagine Academy" ta’lim resursini rivojlantirmoqda, uning yordamida ishtirokchilar zamonaviy texnologiyalar va dasturlash to‘g‘risida bilim olishlari mumkin bo‘ladi.
So‘nggi uch yil davomida "Microsoft" korporatsiyasi Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalariga mazkur dasturning ustunliklaridan foydalanish imkoniyatini bermoqda.
Tadbirda, shuningdek, "Microsoft Digital Literacy" (Kompyuter savodxonligi) kursi bo‘yicha sertifikatsiya hamda bepul onlayn-ta’lim to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad kompyuter bilan ishlashning asosiy tushunchalari hamda ko‘nikmalari to‘g‘risida dastlabki ma’lumotlarni berishdir.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.