TOShKENT, 15 mar — Sputnik. 14-mart kuni O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Wargaming (Belarus) kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Wargaming kompaniyasi vakillari kompyuter o‘yinlarini ishlab chiqarish va jahonda ommalashtirish bo‘yicha o‘z tajribalari xususida so‘zlab berdilar. Tomonlar yoshlarda vatanparvarlik g‘oyalarini singdirishga xizmat qiladigan kompyuter o‘yinlarini ishlab chiqarish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Wargaming vakillari shuningdek, Toshkentdagi Inxa universitetida ham bo‘lishdi. Ular bu yerda universitet bilan o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Wargaming — kompyuter o‘yinlarini yaratish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri. Kompaniya 18-yillik faoliyati davomida World of Tanks, World of Warplanes, World of Warships kabi 15dan ziyod turli kompyuter o‘yinlarini taqdim etgan.