TOShKENT, 25 apr — Sputnik. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Mehnat vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati va bir qator tashkilotlar hamkorligida ishchi mutaxassislar, o‘quvchi-yoshlarning kasbiy mahoratini oshirishga keng imkoniyat yaratish, ularning qobiliyatlilarini aniqlash va rag‘batlantirishga qaratilgan "Eng yaxshi yosh ishchi kasb egasi" tanlovi o‘tkaziladi, deb xabar qildi "Jahon" AA.
Tanlov quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:
"Qishloq xo‘jaligi mashinalariga xizmat ko‘rsatish mexanigi", "Kompyuter injiniringi texnigi", "Dasturiy injiniringi texnigi", "Payvandlash ishlari texnigi", "Avtomobillarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mexanik", "Umumqurilish ishlari ustasi", "Qurilish-pardozlash ishlari ustasi", "Oshpaz", "Sartaroshlik va dekorativ kosmetika ustasi", "Milliy va badiiy liboslar modelyeri".
Tanlovda qatnashish uchun tanlov nominatsiyasi nomi ko‘rsatilgan holda talabgor o‘zi istiqomat qiladigan tuman (shahar) kasaba uyushmasi kengashiga (qabul komissiyalari) tegishli hujjatlarni joriy yilning 30-apreliga qadar taqdim qiladi.
Kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari hujjatlarni o‘z o‘quv muassasasi qoshidagi komissiyaga topshirishi tavsiya etiladi.
Tanlov uch bosqichda, ya’ni tuman (shahar)larda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hamda respublika tarmoqlari miqyosida o‘tkaziladi.
Tanlov to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlar bilan Kasaba uyushmalari federatsiyasining internet tarmog‘idagi www.kasaba.uz portali orqali tanishishingiz mumkin.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.