Amir Temur haqida Venetsiya arxividagi haligacha chop etilmagan sirli ma’lumotlar

Obuna bo‘lish
Sohibqiron Amir Temur haqida Yevropa manbalarida, Venetsiya arxividagi haligacha chop etilmagan sirli ma’lumotlar

TOShKENT, 24 apr — Sputnik. XIV asrning oxirida Yevropa davlatlari juda tang ahvolga tushib qoldi. Usmoniy turklar davlatining hujumi xavfiga yetarli tarzda javob qaytara olmasligini bilgan Yevropa qirollari va Rim papasi yordam ko‘zini Sharqqa, Amir Temurga qaratdilar. Uning shaxsiga va hukmronligiga qiziqish ortib bordi. Qirollar va Rim papasi Amir Temur bilan yozishmalar olib bora boshladilar.

Amir Temur shaxsiy hayoti - Sputnik O‘zbekiston
Amir Temurning shaxsiy hayoti
Sohibqiron huzuriga elchilar va sayohatchilar yuborilib, uning e’tiborini jalb qilishga harakat kuchaydi. Amir Temur huzurida bo‘lgan va u bilan muloqot qilgan elchilar, uning harbiy yurishlari guvohi bo‘lgan sayyoh va savdogarlarning Amir Temur haqidagi kitoblari yevropaliklarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shu tarzda XV asrdan boshlab Temur va uning davlati haqida Yevropada bir necha tarixiy manbalar yaratildi. Ularning orasida elchi va monax Ioann Grinlo, savdogarlar Paole Zane, Beltramus de Mignanelli va Emmanuil Pilotti, ispan elchisi Rui Gonzales de Klavixo, asirga tushgan nemis askari Yoxannes Shiltberger xotiralari muhim ahamiyat kasb etadi.

Aytib o‘tish kerakki, XIV asrning oxiri — XV asr boshlarida Yevropada to‘plangan Amir Temur, uning saltanati, qo‘l ostidagi yerlari, qo‘shini, urush olib borish uslublariga oid ma’lumotlar nashr etish maqsadida emas, balki Yevropa qirollari va Rim papasi uchun to‘plangan bo‘lib, asosan maxfiy hujjatlar hisoblangan. Shuning uchun ham bu ma’lumotlar asrlar davomida o‘rganilmagan va qo‘lozma holatida qolib ketgan.

Rim papasi va Fransiya qiroli Karl XVning elchisi Ioann Grinlo Amir Temur suhbatlarida ishtirok etgan, uning saltanatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va bu haqda asar yozgan yevropalik birinchi muallif hisoblanadi. U 1401-yilning avgustida Amir Temur bilan uchrashadi. Grinloning asari "Temur va uning saroyiga oid xotiralar", deb ataladi. Bu asar fransuz va lotin alifbosida yozilgan bo‘lib, 23 bobdan iborat. Asarda muallif Amir Temur taxtga chiqqan vaqtdan boshlab 1402-yil avgust oyigacha bo‘lgan voqealar haqida imkon qadar ma’lumot berishga harakat qilingan.

Sohibkiron Amir Temur haykali, Samarqand - Sputnik O‘zbekiston
Yoshlarni O‘zbekiston tarixi bilan tanishtirishda yangicha yondashuv qo‘llaniladi
Emmanuil Pilotti 22-yil davomida Misrda yashagan, arab tilini mukammal bilgan Misr sultoni Farajning yaqin kishisi bo‘lgan. U Amir Temurning Damashq yurishi haqida ma’lumotlar to‘plagan. Uning Amir Temur haqidagi ma’lumotlari Venetsiya arxivida saqlanadi va haligacha nashr qilinmagan.

Paole Zane esa 1400-yilda Venetsiyaning Damashqdagi konsuli bo‘lgan. U Venetsiya senatining topshirig‘i bilan Amir Temur haqida ma’lumotlar to‘plagan. Uning ma’lumotlaridan iborat yig‘ma jild ham haligacha Venetsiya arxivida saqlanmoqda va chop etilganicha yo‘q.

Italiyalik savdogar Beltramus de Mignanelli tomonidan yozilgan "Temurlang hayoti" asari muhim manbalardan biridir, chunki bu asar shaxsan muallifning ko‘rganlari asosida yozilgan. Beltramus de Mignanelli uzoq muddat davomida Damashqda yashab, u yerda katta mulk va obro‘ orttiradi. Amir Temur Damashqni egallaganda u shaharda bo‘lgan va voqealarni shaxsan ishtirokchisidir.

Anqara va Smirnaning olinishi haqidagi haqqoniy ma’lumotlarni ham to‘plagan. Asar 1416-yilda lotin alifbosida yoziladi. 1764-yilda asarning Venadagi milliy kutubxonada saqlanayotgan qo‘lozma nusxasi Stefan Bazilius tomonidan nashr qilinadi. Amir Temur yurishlaridan juda katta zarar ko‘rganligiga qaramay muallif voqealar rivojini haqqoniy tarzda yoritib bergan.

Esdalik va asarlar orasidagi eng qimmatbaho manbalardan biri ispaniyalik elchi Rui Gonzales de Klavixo kundaliklari hisoblanadi. Rui Gonzales de Klavixo badavlat oiladan chiqqan, otasi ham, o‘zi ham saroydagi nufuzli amaldorlardan bo‘lgan.

Klavixo 1404-yilda Leon va Kastiliya qiroli Genrix III (1390-1406)ning topshirig‘i bilan Samarqandga keladi. Unga Alfonso Paes de Saita Mariya va Gomes de Salazar hamroh bo‘ladilar. Uning asari "Samarqandga, Temur saroyiga sayohat kundaligi" deb ataladi. Klavixo kundaliklari ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchisida elchilarning Samarqandgacha boshidan o‘tkazgan voqealari, turli hududlar tabiati, xalqlari turmushiga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Ikkinchi qismda muallif Kesh va Samarqandda Temur saroyidagi uchrashuvlarni tasvirlaydi. De Klavixo mamlakat, saroy, xalq va uning turmushi haqida ajoyib va takrorlanmas ma’lumotlar beradi.

Talabalar Amir Temurning 680-yilligiga bag‘ishlab yangi sayt yaratishdi
Bugungi kunda Rui Gonzales de Klavixo kundaliklarining asl nusxasi Madriddagi Milliy kutubxonada saqlanadi. Birinchi marta kundalik Sevilyada noshir Argote de Molina tomonidan «Buyuk Temurlang hayoti, uning imperiyasi yerlari bilan» nomi bilan 1582-yilda nashr qilingan. Klavixo kundaliklari ilk marta I.I. Sreznevskiy tomonidan 1881-yilda Peterburgda rus tiliga tarjima qilinib, chop etilgan. O‘zbek tiliga taniqli adabiyotshunos olim, professor Ochil Tog‘ayev tomonidan tarjima qilingan.

Albatta, Temur davri manbalari orasida eng beqiyos — bu Amir Temurga yevropalik qirollar tomonidan yuborilgan maktublar va ularga jo‘natilgan javob xatlaridir. Amir Temurning Fransiya qiroli Karl VIga, Angliya qiroli Genrix IVga yuborgan maktublari uning tashqi siyo-sati va diplomatik san’ati to‘g‘risida fikr yuritishda katta yordam beradi. Amir Temurning Karl VIga yuborgan maktubi 1996-yilda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Fransiyaga rasmiy tashrifi chog‘ida Fransiya Prezidenti Jak Shirak tomonidan tuhfa qilingan bo‘lib, bugungi kunda maktub Toshkentdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida saqlanadi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning quyidagi so‘zlarini keltirishni lozim topdik. "Buyuk shaxslarni tarix yaratadi. Amir Temur bosqinchi to‘dalarning Yevropa ichkarisiga qilayotgan harakatiga chek qo‘yganini, boshqa tajovuzkorlik yurishlarini uzoq muddatga to‘xtatib qo‘yishini hozir inkor qilib bo‘lmaydi. — Unga "Yevropaning xaloskori" degan ramziy unvon berilgani bejiz emas".

Bugungi kungacha Sohibqiron bobomiz tariximiz osmonidagi eng yorqin yulduzlardan biri hisoblanadi va albatta, bu har birimizda faxr tuyg‘usini kuchaytiradi. Xalqimiz kelgusi avlodi ham u bilan g‘ururlanishiga ishonchimiz komil.

Sherzod Ismoilov, vodiymedia.uz

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.

Yangiliklar lentasi
0