TOShKENT, 6 apr — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyida buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 681-yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi "Jahon" AA.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad – o‘zbek xalqining boy madaniy merosini, insoniyat tarixidagi rolini haqqoniy yoritish, harbiy xizmatchilar va aholini, ayniqsa, yoshlarni O‘zbekiston tarixi bilan tanishtirish, umuminsoniy qadriyatlar va boy milliy harbiy merosiga hurmat ruhida tarbiyalashdan iboratligi qo‘shimcha qilingan.
Kursantlar Amir Temurning o‘zbek davlatchiligi tarixida tutgan o‘rni, mustaqillik yillarida uning hayoti, faoliyatini o‘rganish, xotirasini e’zozlash borasida amalga oshirilgan ishlarga oid ma’ruzalar tinglashgan. Kursantlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tarixchi olimlardan javob olganlar.