TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Yaponiya hukumati mamlakat aholisi uchun KXDR tomonidan ro‘y berishi mumkin bo‘lgan raketa zarbasiga qarshi tavsiyalarni e’lon qildi. Bu haqda Kiodo agentligiga tayangan holda RIA Novosti xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Yaponiya hukumati bu vaqtda ko‘chada bo‘ladiganlarga mustahkam binolarda yoki binoning yer ostida joylashgan qavatlarida bekinishni, agar panoh topish uchun joy mavjud bo‘lmasa, yerga yuztuban yotishni tavsiya etgan.
Odamlarga binolar ichida oynasiz xonalarda berkinish tavsiya etilgan.
Yaponiya hukumati raketa zarbasi tahdidi haqida signallarni J alert ogohlantirish tizimi ovoz karnaylari, maxsus radioaloqalar, mahkamalar saytlari va elektron pochtalar orqali yetkazishni ko‘zlamoqda.
Yaponiya hukumati mahalliy hokimiyat organlariga raketa tahdidi yuz berishi holatlariga qarshi aholi hamda yo‘llardagi avtotransport haydovchilari o‘rtasida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishni tavsiya etgan.
Yaponiya raketa zarbasi tahdidini o‘ta jiddiy qabul qilmoqda. Sababi, Shimoliy Koreya o‘z ballistik raketalari sinovini amalga oshirganida, Pxenyan uchirgan raketalar Yaponiya qirg‘oqlariga kelib tushgan. Ilgariroq Yaponiya harbiylari agar tahdid yuzaga kelgudek bo‘lsa, KXDR raketalarini yo‘q qilish bo‘yicha buyruq bergan, ammo raketalar Yapon dengizi yaqiniga kelib tusha boshlagach, bu kabi buyruqlar berilishi to‘xtatilgan. AQSh tomonidan Yaponiyada joylashtirilgan oldidndan ogohlantiruvchi tizimlar Pxenyan tomonidan raketalar uchirilishini o‘z vaqtida qayd eta olmagan.