TOShKENT, 29-iyun — Sputnik, Ivan Zaxarchenko. AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya birgalikda Shimoliy Koreya raketalarini tutib qolish bo‘yicha ilk mashg‘ulotlarni o‘tkazishdi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Ularning bu harakatiga so‘nggi vaqtlarda Pxenyan tomonidan o‘tkazilayotgan yadro bombasi hamda ballistik raketalar sinovi sabab bo‘lgan.
"Tinch okeani ajdari" deb nomlangan sinov mashg‘ulotlari Gavay orollari yaqinida seshanba kuni o‘tkazilgan.
Mashg‘ulotlarga o‘zining eng zamonaviy minatashuvchi kemalarni safarbar qilgan uch davlat ballistik raketalar uchirilishi simulyatsiyasini kuzatishgan va o‘zaro ma’lumot almashib turishgan.
Uch tomonlama mashg‘ulotlar davomida ballistik raketalarni tutib qoluvchi-raketalar uchirilmagan. Shunday bo‘lsa-da, Shimoliy Koreya o‘tkazilgan ushbu mashg‘ulotlarga nisbatan o‘z munosabatini bildirdi.
Pxenyan AQSh, Yaponiya hamda Janubiy Koreyaning bu harakatlarini "provokatsiya" hamda "Osiyo-tinch okeani mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni buzishga intilish" sifatida qabul qilishini aytdi.
Janubiy Koreya Harbiy-Havo kuchlari vakili esa, seshanba kuni o‘tkazilgan mashg‘ulotlar "mamlakat Harbiy Dengiz kuchlariga tezkor ravishda ma’lumot almashish tizimini yo‘lga qo‘yishga yordam berganini, AQSh va Yaponiya bilan uch tomonlama hamkorlik Shimoliy Koreya tomonidan bo‘ladigan ballistik raketa tahdidiga qarshi turish imkonini berishini" ma’lum qilgan.