TOShKENT, 20 apr — Sputnik. O‘zbekiston Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimiga qo‘shildi, deb xabar qildi "Jahon" AA.
Joriy yil 19-aprel kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida 2015-yil 12-dekabrda qabul qilingan Parij bitimini O‘zbekiston imzolashiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Mazkur bitim 2015-yil 12-dekabrda Parijda bo‘lib o‘tgan Iqlim bo‘yicha konferensiyasi chog‘ida Kioto protokolining rivoji sifatida qabul qilingan. Bitimdan ko‘zlangan maqsad BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha dastlabki konvensiyasi "hayotga tadbiq etilishini faollashtirish", xususan, haroratning global o‘sishini Selsiy shkalasi bo‘yicha o‘rtacha 2°C darajadan past holatda ushlab turish va harorat o‘sishi Selsiy shkalasi bo‘yicha 1,5 darajada cheklanishi uchun sa’y-harakatlarni ishga solish bilan izohlanadi.
"Bitimni mamlakatimiz nomidan O‘zbekiston Respublikasining Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Favqulodda va Muxtor elchisi Baxtiyor G‘ulomov imzoladi. Hujjatni imzolash marosimida BMT tomonidan Tashkilot Kotibiyati Huquqshunoslik boshqarmasining Shartnomalar seksiyasi rahbari S.Villalpando ishtirok etdi", — deyiladi xabarda.
Marosim chog‘ida tomonlar havoga chiqariladigan zararli chiqindilar hajmini qisqartirishga hamda iqlim o‘zgarishiga nisbatan barqarorlikni mustahkamlash imkonini beradigan Parij bitimi BMTga a’zo davlatlar uchun o‘ziga xos "yo‘l xaritasi" bo‘lib xizmat qilishiga umid izhor etdi.
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston Parij bitimini imzolagan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilgani haqida axborot materiali tayyorlanib, BMT Kotibiyati tomonidan tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida tarqatildi. Hujjat imzolanganidan so‘ng Bitimning asl nusxasi saqlash uchun mazkur vazifa ijrosi tashkilot Bosh kotibi mutasaddiligida bo‘lgan BMT Depozitariysiga taqdim etildi.