TOShKENT, 30 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "2017-2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Qaror matni Lex.UZ portalida keltirilgan.
Dasturdan maqsad Orolbo‘yi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, Orol dengizining ekologik falokati oqibatlarini yumshatish bo‘yicha investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida va samarali ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirishdir.
Hujjatda ko‘rsatilishicha, 2017-yilning 1-fevralidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan bolalarning maktabgacha ta’lim muassasalaridagi, ayrim fanlar chuqur o‘rgatiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlardagi ta’minoti uchun, "Barkamol avlod" markazlaridagi, musiqa va san’at maktablaridagi mashg‘ulotlar uchun ota-onalarning har oylik to‘lovi miqdorlari, shuningdek, aholining madaniyat va dam olish markazlaridagi to‘lov miqdorlari respublika bo‘yicha belgilanganidan 2 baravar kam darajada o‘rnatiladi.
Bundan tashqari, 2017-yilning 1-fevralidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida muhtoj oilalarga, birinchi navbatda, yolg‘iz fuqarolar, pensionerlarga, boquvchisi nogiron oilalarga hamda boshqa kam ta’minlangan toifadagi aholi va oilalarga qishloq (mahalla) fuqarolar yig‘inlarining komissiyalari qarorriga binoan tayinlanadigan eng kam ish haqining 2 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda bir marta beriladigan moddiy yordam shaklidagi ijtimoiy nafaqaning yangi turi joriy etiladi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisi uchun temir yo‘l va aviayo‘lovchilar chiptalarini sotish maxsus imtiyozli tariflar bo‘yicha amalga oshiriladi.