Aleksandr Goroxov, tarixchi, publitsist —Sputnik O‘zbekiston uchun
Dunyoni larzaga solgan uch terakt — Istanbulda yangi yil tunida 39 kishining otib o‘ldirilishi, Sankt-Peterburg metrosidagi portlash va Stokgolmdagi fojialarda turli uslublarda qotillik uyushtirilgan bo‘lishiga qaramasdan, ularning barini o‘zbeklar ijro etishgani bilan umumiylik kasb etadi. Va bu holat Rossiyada nafaqat sobiq SSSR aholisiga fuqarolik berishni yengillashtirishni bekor qilish, balki Markaziy osiyoliklar uchun RFga kirishni butunlay taqiqlashni talab qilish uchun zo‘r bahona bo‘ldi. "Qaynoq kalla"lilar shunday radikal usul orqali o‘zlarini go‘yoki musulmon ahli olib keluvchi terrorchilik tahdidlaridan himoyalashga umid qilishmoqda.
Tarix qonuniyatlari
Terrorizm tarixi xuddi urushlar tarixi kabi uzun. Mamlakatdagi vaziyatni aholining hayoti uchun xavf solish, vahima va hokimiyatga nisbatan noroziliklar orqali izdan chiqarish amaliyoti qonxo‘r qo‘shnilar, hokimiyat ilinjidagi mahalliy siyosatchilar va qanchalik qayg‘uli bo‘lmasin, asrlardan buyon mavjud diniy ekstremistlar tomonidan qo‘llanib kelingan. Aksariyat dinlar insonlarni tinchlikka chaqirishiga qaramasdan, o‘z e’tiqodlaridan boshqa e’tiqodga mansub kishilarning nafaqat tinch yashashga, balki mutlaqo yashashga haqqi yo‘q deb hisoblovchilar hamisha topilgan va hozir ham bor.
Har qanday dinning mutaassiblari bo‘lgan. Ular otashparast, tabiatparastlar davrida ham bo‘lishgan, yakkaxudolik paydo bo‘lganidan keyin ham yo‘qolmagan. O‘z e’tiqodi tantanasi uchun terrorchilik usullari orqali kurashuvchi mutaassiblar xristianlikda, islom va iudaizmda ham bo‘lgan va hozir ham bor. 1940-yillarda Britaniyaning Falastindagi mustamlakachi ma’muriyati ingliz askarlari kazarmalari va britan amaldorlari uylarini portlatuvchi kuchli yahudiy terrorchilar tashkiloti bilan to‘qnash kelgan. Assasinlar 100 foiz terrorchilik uslubidan foydalanishgan. Yahudiylarni yakson qilish hamda Yevropa va Rossiyada "boshqa dindagi"larni zo‘rlab cho‘qintirish ham terror bo‘lgan.
Bugun esa hammaning og‘zida islom terrorizmi. Tan olish kerakki, hozirda bu haqiqatan ham terrorizmning ancha keng tarqalgan ko‘rinishidir.
Uning kelib chiqishining obyektiv sabablari bor. Birinchidan, aksariyat musulmon mamlakatlarida yashash darajasi boshqa rivojlangan davlatlarga nisbatan ancha past. Islom dinining asosiy tamoyillaridan biri adolatga intilish bo‘lganligi bois musulmonlar orasida radikal yo‘lboshchilar ko‘rsatgan "adolatsizlik uchun qasos olish"ga tayyor insonlarni topish oson.
Ikkinchidan, islom dinida yoshi katta va bilimli insonlarga hamda ularning so‘zlariga ishonishadi.
Va birinchi navbatda, diniy bilim egalariga ishonish buyuriladi. Sobiq sovet respublikalarida sovet davridagi cheklovlar yo‘qolganidan so‘ng diniy portlash paydo bo‘lgan. Neofitlar (dinga yangi kirib kelganlar) esa ma’lumki, musulmon, pravoslav yoki yahudiy bo‘lishidan qat’i nazar, har doim radikal va mutaassib bo‘lib kelishgan.
O‘ylamasdan ayblamang
Lekin faqat ahmoqlargina etnik o‘zbeklar ishtirokidagi uchta teraktga asoslanib O‘zbekistonni "terrorizm uyasi" deyishlari mumkin. O‘zbekiston hukumati terrorizm yo‘lini tutgan va dunyoning ko‘plab mamlakatlarida terrorchilik tashkiloti sifatida tan olingan O‘zbekiston islom harakati paydo bo‘lganidan buyon uning mamlakat hududida joylashishga bo‘lgan har qanday urinishlariga nisbatan keskin chora ko‘rib keladi. 2015-yil boshida IShIDga sodiqlik haqida qasamod qilgan O‘IH tarkibida nafaqat o‘zbeklar, balki boshqa millatlar: arablar, pushtunlar va boshqalar bor. Nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa mamlakatlar, xususan Afg‘onistondan ham quvib chiqarilgan O‘IH Pokistonning shimoliy-g‘arbiy, hukumat deyarli nazorat qilmaydigan hududlaridan panoh topgan.
Bu Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga ham tegishli. Qirg‘iziston bir necha bor yakka teraktlardan tortib O‘zbekiston bilan birgalikda aivazarbalar yordamida terrorchilar hujumlarini qaytarishiga to‘g‘ri keldi. Tojikistondagi fuqarolar urushida terrorchi guruhlar, xususan O‘IH qatnashdi, mamlakat chegaralari esa muntazam ravishda hujumlarga duch keladi.
2016 yilda Turkmanistonning janubiy hududlari IShIDchilar hujumiga uchradi. Qozog‘iston rasman Markaziy Osiyoga kirmasa-da, geografiyadan unchalik xabari bo‘lmaganlar uni ushbu mintaqaga kiritishadi. Maqsadlaridan biri terrorizmga qarshi kurash bo‘lgan ShHTning asoschilaridan bo‘lgan bu davlat yovuz illatga qarshi kurashda faol qatnashmoqda.
Boshni qum ichiga tiqmaslik lozim
Maxsus xizmatlar vakillari Rossiya va MDH mamlakatlari chegaralarini kesib o‘tuvchilarga nisbatan daktiloskopiyani joriy etish qonuniy va noqonuniy migrantlarni nazorat qilishning samarali chorasi deb aytishmoqda.
Lekin islom terrorizmiga "tashqi", "olib kelinuvchi" tahdid sifatida qarab, chegaradagi choralarni kuchaytirish orqali undan saqlanish mumkin deya fikrlash noto‘g‘ri. Rossiyaning o‘zida, turli hisob-kitoblarga qaraganda, 7 mlndan 8,5 mlngacha musulmonlar yashaydi. Mamlakat huquqni muhofaza qiluvchi organlari esa faqatgina Rossiya fuqarolaridan iborat terrorchi tashkilot va tarmoqlar fosh etilgani haqida muntazam ravishda xabar qilib turadi.
Muammo mavjud, buni Rossiyada ham, sobiq sovet musulmon mamlakatlarida ham hech kim inkor etmaydi. Va uni umumiy chegaralarni yopish bilan emas, balki uzoq va tirishqoqlik talab qiluvchi mehnat orqali hal qilish lozim. Jumladan, musulmonlar diniy boshqarmalari va milliy jamiyatlar mehnati orqali. Bunda islomning asosiy tamoyillaridan biri — kattalarga va diniy ta’lim olganlarga nisbatan hurmat tamoyilidan foydalaniladi.
Shuningdek, yetarli darajada oliy toifali ruhoniylarni tayyorlovchi milliy madrasalar tarmoqlarini joriy etish darkor. Xorijda ta’lim olgan ko‘pchilik imomlar radikal qarashdagi ruhoniylarga aylanishi sir emas. Ular ijtimoiy tengsizlikni his qilayotgan yoshlarni o‘z dindoshlariga nisbatan nafratda bo‘lishga va begunoh insonlarning hayotiga zomin bo‘lishga yetaklashadi.
Terrorchi jannatga munosibmi?
Bir paytlar SSSR tarkibiga kirgan mamlakatlarning barcha musulmon diniy ulamolari terrorchilarning jinoyatchi ekanliklarini, terrorchilik harakati islom g‘oyasiga yot ekanligini ta’kidlashadi. Ehtimol, ularga dindan qaytganlardek munosabatda bo‘lish kerakdir? Maqola boshida 1940-yillardagi Britaniya Falastinida yuz bergan yahudiy terrori to‘lqini haqida aytgandim. Inglizlar bu to‘lqinni tezda bartaraf etishgan. Ular terrorchilarning jasadlarini cho‘chqa terisiga o‘rab terrorchining yaqinlariga topshirishgan.
Begunoh insonlarga nisbatan qonli jinoyat sodir etish bilan terrorchilar chin musulmonlar safidan chiqadilar. Terakt sodir etmoqchi bo‘lgan har qanday inson bilib qo‘ysinki, bu yo‘l orqali unga jannat eshiklari yopiladi.
Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farqlanishi mumkin.
O‘zbekiston va jahondagi eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lishni istasangiz, Sputnik O‘zbekistonning Telegram-kanaliga obuna bo‘ling.