TOShKENT, 14 apr — Sputnik. Joriy yil 7-aprel kuni ta’sis etilgan XPKning birinchi tadbiri hisoblanadi. Yig‘ilishda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlari vaziri Abdulaziz Komilov spiker sifatida ishtirok etdilar.
Uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘tkazildi: ishtirokchilar O‘zbekiston tashqi siyosatining dolzarb masalalari haqida o‘z savollarini berish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tadbir davomida O‘zbekistonning hozirgi bosqichdagi tashqi siyosati yangi yo‘nalishlari, Respublikaning tashqi ishlaridagi asosiy tamoyillar, qo‘shni davlatlar hamda strategik sherik mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlarni ta’minlash, O‘zbekistonning dengizga chiqish yo‘llarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlash, xalqaro savdodagi ishtirokni rivojlantirish, xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish mavzulari diqqat markazida bo‘ldi.
O‘zbekiston TIV rahbari O‘zbekistonning yangi davrdagi tashqi siyosati haqida gapirar ekan:"Men Suriyada Amerika tomonidan Shayrat aviabazasiga zarba berilganini izohlamayman. Chunki biz bu jarayonning ishtirokchisi emasmiz. Tinchlik tarafdorimiz. Tomonlar kelishib olgani yaxshi", deb aytgan.
Tadbir davomida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshinchi yo‘nalishi, jumladan, O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirish bo‘yicha faol muhokamalar bo‘lib o‘tgan.
Senatorlar, deputatlar, olimlar, davlat tashkilotlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda jurnalistlar tashkilotning jamoatchilik kengashi vakillari qatoridan o‘rin olganlar. Sherzod Qudratxo‘jayev XPK raisi etib saylangan.
Xalqaro press klubning asosiy maqsadi — axborot muhitining rivojlanishi bo‘yicha faoliyatni kuchaytirish, keng xalqaro jamiyatga yurtimizdagi bo‘lib o‘tayotgan ijtimoiy, iqtisodiy hamda siyosiy o‘zgarish va islohotlar haqida xolis axborotlarni yetkazish. XPK ijtimoiy muloqot, voqea va islohotlar haqida tezkor, xolisona va sifatli axborotni yoritish rivoji uchun interfaol muhit bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu majlis "Harakatlar strategiyasi" Markazi bilan birgalikda tashkil etildi.