TOShKENT, 13 apr — Sputnik. O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati va prokuratura xodimlarining hamkorlikdagi operatsiyalari davomida vositachilar orqali yirik miqdorda pul ta’ma qilgan Andijon viloyat xo‘jalik sudi raisining o‘rinbosari Anvar Abdullayev qo‘lga olindi.
MXX organiga N.M. (tergov manfaati yuzasidan ism-sharifi oshkor qilinmadi) ismli ayol murojaat qilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 165, 166, 227, 228 va 233-moddalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini qayta ko‘rib chiqish hamda musodara qilingan mulkini qaytarib berish uchun undan 300 ming AQSh dollari so‘rashayotganini ma’lum qildi.
O‘tkazilgan tadbir chog‘ida Samarqand viloyatida yashovchi vaqtincha ishsiz 48 yoshli Xolnazar Tursunov undan 150 ming dollarni bo‘nak sifatida olayotganida ushlandi. U surishtiruv davomida aybiga to‘liq iqror bo‘ldi va uning ko‘rsatmasi asosida operativ xodimlar yana bir shaxsni qo‘lga oldilar. Vaqtincha ishsiz 44 yoshli Azim Hakimov Tursunovdan 150 ming dollarni olayotganida ushlandi.
U bu pulni qarindoshi — Andijon viloyat xo‘jalik sudi raisining o‘rinbosari Anvar Abdullayev bilan hamkorlikda ta’magirlik orqali pul olayotganligini ma’lum qildi.
Maxsus xizmat xodimlari Abdullayevni qo‘lga olish uchun maxsus reja tuzib chiqdilar va amalga oshirdilar. Azim Hakimov Abdullayevga qo‘ng‘iroq qilib Tursunovdan pulni olganligini va 150 ming dollarni berish uchun uchrashishlari kerakligini bildirdi. Operativ xodimlar ushbu suhbatni yozib oldilar va ashyoviy dalil sifatida saqlab qo‘ydilar.
"Tez orada Toshkentda Azim Hakimov va Anvar Abdullayev uchrashadi. Uchrashuvda sud raisining o‘rinbosari N.M.ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha ayolning foydasiga qaror chiqarilganidan so‘ng pulni bo‘lishishlarini aytadi", — dedi MXX vakili.
Surishtiruv chog‘ida A.Abdullayev N.M. bergan pullarni advokatlar yordamida ayolga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishni uning foydasiga qayta ko‘rib chiqilishi uchun ishlatmoqchi bo‘lganligini aytdi.
Ayni paytda A.Abdullayev, A.Hakimov va X.Tursunovlarga nisbatan prokuratura organi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov ishlari olib borilmoqda.