20 ming dollar pora so‘ragan mansabdor qo‘lga olindi

© Press-slujba GU MVD RF / Mediabankka o‘tishPora olgan shaxs
Pora olgan shaxs - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi xodimi hozirda ishi tergovda bo‘lgan yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi sobiq boshlig‘ining qarindoshlaridan 20 ming dollar so‘ragan

TOShKENT, 6 fev — Sputnik. O‘zbekiston milliy xavfsizlik xizmati xodimlari Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi xodimi Umid Ravshanbekovni yirik miqdorda pora olayotganida qo‘lga olishdi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiriga kuch tizimi vakili ma’lum qildi.

Umid Ravshanbekov hozirda Jinoyat kodeksining 210-moddasi ("Pora olish") bo‘yicha ishi tergovda bo‘lgan Xorazm viloyati Bog‘ot tumani yer resurslari va davlat kadastri bo‘limining sobiq boshlig‘i Otabek To‘rayevning qarindoshlaridan 20 ming dollar so‘ragan.

"Ravshanbekov bu pul evaziga o‘zining huquq-tartibot organlaridagi tanishlari orqali ayblanuvchini jinoiy javobgarlikdan ozod qilishda yordam berishni va’da qilgan. Operativ xodimlar Ravshanbekovni Chilonzor tumanida 10 ming dollarni bo‘nak sifatida olayotgan paytda qo‘lga olishdi", — dedi MXX vakili.

Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston prezidenti "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi

Surishtiruv davomida shuningdek, Ravshanbekov ilgari To‘rayevni Xorazm viloyati Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlashda yordam berishini aytib undan 10 ming dollar olgani aniqlandi.

Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov doirasida Ravshanbekovning sheriklarini aniqlash ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy xavfsizlik xizmati korrupsiya, xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish va tovlamachilikka qarshi kurash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Mamlakatda ushbu salbiy holatlarni bartaraf etish maqsadida huquqiy baza takomillashtirilmoqda. Birgina keyingi yil davomida bu yo‘nalishda qator qat’iy qadamlar qo‘yildi —"Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi hamda Korrupsiyaga qarshi kurash Davlat dasturi imzolandi.

Yangiliklar lentasi
0