TOShKENT, 13 apr — Sputnik. O‘zbekistondagi "Yagona darcha" markazida 86 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatiladi, deb xabar qildi "Zarafshon" nashri.
O‘zbekiston prezidentining 2017-yil 1-fevraldagi "Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga asosan "Yagona darcha" markazlari tuman hokimliklari tuzilmasidan adliya organlari tasarrufiga o‘tkazilgan edi.
Unga ko‘ra, 2017-2020 yillarda "Yagona darcha" markazlari orqali ko‘rsatiladigan 16 turdagi davlat xizmatlari bosqichma-bosqich ko‘paytirilib, 86 turga yetkaziladi. Bunday xizmat turlarining 34 tasi esa joriy yilda amalga oshiriladi.
Yana bir afzalligi shundaki, yakka tartibdagi tadbirkorlar internet tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tganda to‘lanadigan davlat bojlari eng kam ish haqining bir barobari o‘rniga yarim barobar miqdorida belgilandi.
Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdagi yangi tartibning joriy etilishi ishlab chiqarish hajmining ortishi va ishbilarmonlarning ko‘payishiga yordam beradi.
Masalan, Oqdaryo tumani "Yagona darcha" markazidan joriy yil 20-yanvardan 1-martgacha 605 ta tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va tumandagi jami tadbirkorlar soni 7 mingdan oshdi.
Shuningdek, 2016-yilda markazga 16 turdagi davlat xizmatlari bo‘yicha kelib tushgan 238 ta arizaning 99 %i to‘liq qanoatlantirilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan oylarida tadbirkorlarga 29 ta ana shunday davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Qolaversa, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishni arizachiga qulay vaqtda boshlash, to‘xtatish yoki davom ettirish mumkin.
Bunda hujjatlarda elektron raqamli imzo bo‘lishi talab etilmaydi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘z faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib turish yoki qayta tiklash to‘g‘risidagi arizani avtomatlashtirilgan tizim orqali topshirishlari mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, qayta tashkil etish to‘g‘risidagi axborotni bosma ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi.
Bu ham tadbirkorlarning ortiqcha ovoragarchiligi va mablag‘ini tejashga yordam beradi.