TOShKENT, 12 apr — Sputnik. Farg‘ona viloyat hokimligi tashabbusi bilan hamda tasdiqlangan rejasi asosida tashkil etilgan mazkur seminarda viloyatdagi imom-xatiblar, noiblar, diniy idora vakillari, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur hujjatning beshinchi yo‘nalishi xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish masalalarini o‘z ichiga oladi.
Albatta, kelgusi besh yillikdagi taraqqiyotimiz konsepsiyasiga millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik masalalarining alohida kiritilishi bejiz emas. Chunki dunyodagi notinchliklar, qarama-qarshiliklar, diniy nizolar bilan bog‘liq muammolar hamon davom etmoqda.
O‘zbekistonda 130 dan ziyod millat va elat vakillari tinch-totuv yashab kelmoqda. Ularning huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.
Seminarda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olishda diniy xodimlar oldida turgan dolzarb vazifalar hamda dunyoda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar tahlili, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni saqlash borasidagi ustuvor masalalar ham muhokama etildi.
Seminarda viloyat hokimining o‘rinbosari Q.Imomov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
Shohidbek ASLONOV. Muslimbek TO‘LANOV olgan surat.