TOShKENT, 11 mar — Sputnik. Samarqand viloyat bosh imom xatibi o‘rinbosari, Imom Buxoriy jome masjidi imom xatibi Zayniddin Eshonqulov "Zarafshon" nashri orqali aholini suv, svet va gaz haqini vaqtida to‘lashga chaqirdi.
Gaz va elektr energiyasi davlatning mulki. Davlatning asosini esa xalq tashkil etishini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu ne’matlarning haqini to‘lamasdan foydalanish xalq mulkiga xiyonat hisoblanadi. Qolaversa, davlat budjetiga tushadigan bu mablag‘larda pensionerlarning, kam ta’minlanganlar, nogironlar, yetim-yesirlarning haqi bor. Kommunal to‘lovlarni amalga oshirmayotganlar zikr etilgan qatlamlar haqini o‘zlashtirib yuborayotganlari, bu ishlari bilan o‘zganing haqini yeyayotganlarini bilishlari lozim. Vaholanki, Qur’oni karimda "Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang", deya kishilarni boshqaning mulkiga ko‘z olaytirishdan qaytarilgan.
Bu tabiiy ne’matlardan talab etilgan ko‘rinishda foydalanish, ularda hammaning ham birdek haqi borligini unutmaslik lozim.
Shunday bo‘lgach, har bir fuqaro o‘ziga yuklatilgan vazifalarni astoydil bajarishi, zimmasidagi majburiyatlarga vijdonan yondashmog‘i va o‘zgalarning haq-huquqlarini poymol qilmasligi, moliga xiyonat etmasligi zarur. Buning natijasi esa shu fuqaroning o‘ziga, jamiyatga, davlatga faqat manfaat keltirishi shubhasiz", — deyiladi maqolada.