TOShKENT, 10 apr — Sputnik. Insonning o‘z yurtiga va xalqiga xiyonat qilishi og‘ir gunohdir. Ana shu haqiqatni anglab yetmaganlar bugun oilasi, xalqi, Vataniga xoinlik qilish yo‘liga kirib qolmoqda. Ammo ular bunday qabihliklar ortida achchiq qismat yotganligini afsuski, kech anglamoqda. Dilshod Halimov, Akmal Qayumov va Hasan Hamidov kabi kimsalar ana shunday achchiq qismatga duchor bo‘lishdi, deb yozadi "Zarafshon" nashri.
Internet tarmog‘i va DVD disklar orqali diniy ekstremistik va aqidaparastlik ruhidagi ma’ruzalarni tinglashni odat qiladi. Qolaversa, doimiy yashash uchun O‘zbekistonga qaytganida ushbu ma’ruzalarni o‘zi bilan yashirin tarzda olib keladi. "Jihod", "hijrat" va "xalifalik" kabi mavzularga yo‘g‘rilgan bu ma’ruzalarni oila a’zolaridan pinhon tutadi.
Shunday kunlarning birida u masjidga qatnab yuradigan Akmal Qayumov bilan hamsuhbat bo‘ladi va unda ham o‘zidagi kabi turli ma’ruzalar borligini biladi. Diniy ekstremizm va aqidaparastlik ruhidagi ma’ruzalar ularning ko‘zlariga butkul parda tortadi. Yangi sheriklar izlab, qo‘l telefonlarida ushbu ma’ruzalarni olib yuradi. Ularning navbatdagi sheriklari Firdavs va Elbek bo‘ladi.
Hamtovoqlar til biriktirib, O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tizimiga tajovuz qilish mazmunidagi ma’ruzalardan saboq oladi. Ular 2013-2015 yillar davomida jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyat sodir etish maqsadida Afg‘oniston, Suriya, Iroq davlatlarida tashkil qilingan diniy ekstremistik guruhlar g‘oyalarini boshqalarga ochiqdan-ochiq targ‘ib qiladi.
Bu orada Rossiya Federatsiyasiga ketgan Firdavs O‘zbekistonda qolgan sheriklari bilan doimiy aloqada bo‘ladi va boshqa xorijiy davlatlardan sheriklar topib, ular bilan doimiy muloqotda bo‘lishga harakat qiladi.
Ammo ular o‘zlarining yovuz rejalarini amalga oshirolmadi, qabih niyatlariga yetisha olmadi. Bu kimsalarning jirkanch qilmishlari huquq-tartibot organlari tomonidan fosh etildi. Ularga qonun doirasida tegishli jazo tayinlandi.