TOShKENT, 4 apr — Sputnik. O‘zbekistonda oxirgi oy davomida kartoshka narxi oshib ketgani ko‘pchillikni hayron qoldirgan bo‘lishi mumkin. "Kartoshka nega qimmat bo‘ldi?" degan savolbilan kun.uz nashridan hamkasabalarimiz soha mutaxassislariga murojaat qilishdi.
Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidan Jamoliddin ismli xodim istar-istamay: "2016 yilda Respublikada 2 958 300 tonnadan ortiq kartoshka yetishtirilgan. Hozirgi kunda dehqon bozorlaridagi "Elga xizmat" peshtaxtalarida kartoshka va sabzavotlar arzon narxlarda sotilmoqda. Aprel oyining boshlarida bozorlarga Surxondaryo viloyatida yetishtirilgan ertaki kartoshkalar chiqishi kutilmoqda", — deb javob qaytargan.
"Urug‘chilik ilmiy markazi xodimlari esa, jurnalist savoliga, boshini qotirib o‘tirmasdan — "Kartoshka yetishtirish texnologiyasi" nomli ilmiy maqolani taqdim qildilar. Taajjub…", — deb yozadi nashr.
O‘zbek oziq-ovqat zaxira uyushmasi
"Uyushmamiz korxonalari hozirgi kunda Toshkent shahri va viloyatlar bozorlarida 1800-2000 so‘mdan kartoshka va 1500 so‘mdan piyoz savdosi yarmarkalarini tashkil etib kelmoqda. Birgina Toshkent shahrining o‘zida 100 tonnadan ziyod kartoshka va 30 tonna atrofida piyoz savdosi amalga oshirilmoqda. Zaxiradagi kartoshka va piyoz may oyining oxirigacha yetarli miqdorda mavjud", — deb javob berishgan O‘zbek oziq-ovqat zaxira uyushmasi.
"Toshbozorsavdo" uyushmasiga ham murojaat qilganda, yarim soat davom etgan muloqotda uyushmadagilar savolni "aylanib" o‘tib, boshqa mavzularga chetlasha boshladi. Jurnalistning birgina savolga esa aniq va to‘liq javob olinmagan. "Tushunishimizcha, soha xodimlari shama qilib: "Bu savolga javobni dehqondan so‘rang!" degandek qildilar, chog‘i", — deb yozadi muxbir.
So‘rab-surishtirishdan charchagan jurnalistlar, hech kimdan biror aniq yoki mantiqli javob ola olmagan. Maqola so‘nggida "Biz kutgan: "2016 yilda Respublikamizda yetishtirilgan 2 958 300 tonna kartoshka aholi ehtiyojini qoplamadi, bu yil ko‘proq maydonga ekiladi", — deydigan manbani topa olmadik", degan xulosaga kelgan taftish o‘tkazgan jurnalistlar.
Shu o‘rinda, odam o‘ylanib qoladi. Muammo sababini vazirlik bilmasa, "Bozorsavdo" uyushmasidagilar tushunmasa, uni kim va qanday hal qilishi mumkin? Yoki har yil shu eski tos-u, eski hammom takrorlanaveradimi?
Balkim, kartoshka narxi bevosita dollar kursiga bog‘liqdir?!