TOShKENT, 4 apr — Sputnik. 28-mart kunidan boshlab O‘zbekiston tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi saytiga xakerlar tomonidan D-DOS hujumlari uyushtirildi. Bu haqda nuz.uz xabar bermoqda.
3 aprel kuni Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi O‘zbekistondan Janubiy Koreyaga ishlash uchun boradigan mehnat migrantlarini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazdi.
Anjumanda aytilishicha, Janubiy Koreyada ishlashni xohlovchilarni ro‘yxatga olish ilgari qo‘l rejimida amalga oshirilgan va bu ko‘plab qiyinchiliklarni keltirib chiqargan.
Xorijda ishlashni istovchilar uchun keng imkoniyatlar yaratish, talabgorlar va agentlik xodimlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish orqali turli tovlamachiliklarning oldini olish maqsadida onlayn ro‘yxatga olish tizimi joriy etilgan.
Agentlik tomonidan 27-30 mart kunlari Koreya Respublikasida ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar ro‘yxatga olinishi haqida e’lon qilingan.
Dastlabki ikki kunda onlayn anketa to‘ldirish, keyingi ikki kunda esa onlayn imtihon o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Buning uchun maxsus test-migration.uz sayti ochilgan va yangi server ishga tushirilgan. 27-mart kuni sayt barqaror ishlagan va 19 000 fuqaro ro‘yxatdan o‘tgan.
Biroq 28-mart kuni ertalab saytga D-DOS hujumlar uyushtirilgan. Da’vogarlarga qulaylik yaratish maqsadida agentlik saytidan imtihon saytiga o‘tish uchun havola berilgan bo‘lib, xakerlar hujumi aynan mana shu havolaga uyushtirilgan. Agentlikning murojaatidan so‘ng O‘zinfokom www.migration.uz saytini yopib qo‘ygan.
Bunda imtihon sayti ishlashda davom etgan. Lekin xakerlik hujumlari to‘xtamagan. Serverning ishlash tezligi 10 Mb/sekdan 100 Mb/sek, so‘ngra 1 gigabit/sek.ga yetkazilgan hamda yetakchi mutaxassislar ishtirokida kuchli himoya dasturi o‘rnatilgan.
29 mart kuni soat 9dan 14gacha sayt barqaror ishlagan. Ammo tashrif buyurishlarning o‘ta yuqoriligi sababli 45 daqiqaga o‘chirilgan va shu kun soat 15dan 30-mart soat 23ga qadar tanaffussiz ishlagan. Natijada 87 700 fuqaro ro‘yxatga olingan.
1 aprel holatiga sayt ishida uzilishlar bo‘lmagan. Lekin 2-aprel kuni yana xakerlar hujum uyushtirganidan so‘ng sayt o‘chirilgan va noxushliklar bartaraf qilingach, 3-aprel soat 6dan soat 20ga qadar imtihonni davom ettirish uchun sayt faoliyati tiklangan. Yuzaga kelgan vaziyat sababli agentlik ro‘yxatga olish muddatini uzaytirishga majbur bo‘lgan.
Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rahbari Ulug‘bek Nazarovning so‘zlariga ko‘ra, xakerlik hujumlari Toshkentdan uyushtirilganligi aniqlangan. Hujum uyushtirgan shaxslarni aniqlash bilan tegishli organlar shug‘ullanmoqda.
Ma’lumot berilishicha, onlayn ro‘yxatdan 100 ming kishi o‘tgan bo‘lib, Koreyaga 3 ming kishi jo‘natilishi belgilangan.