TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Mana bir necha kundirki o‘zbekistonliklar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi sayti ishlamayotgani haqida bong urishayotgan edi.
Bu haqda hatto bir nechta mahalliy internet nashrlarda ham yozildi.
Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Sputnik O‘zbekiston muxbiri Mehnat vazirligi matbuot-xizmati bilan bog‘landi.
"Saytimiz ishlayapti. Kecha anketa to‘ldirganlar bugun ham to‘ldirishga urinishsa, ularning urinishlari behuda ketishi mumkin. Sababi, murojaat qiluvchi haqidagi ma’lumotlar bizning bazamizga kiritilgan bo‘ladi. Murojaat qiluvchilarga login va parol berilgan bo‘lsa, demakki ular saytimizdan ro‘yxatdan o‘tgan hisoblanadi", — deb ma’lumot berdi matbuot-xizmati xodimi.
Ayni vaqtda Mehnat vazirligi tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligida Janubiy Koreyaga ketish uchun onlayn anketani to‘ldirish 30-mart soat 17.00ga qadar uzaytirilgani haqida xabar berilgan.