TOShKENT, 4 apr — Sputnik. Kuch tizimidagi manbaning Sputnik O‘zbekiston muxbiriga bildirishicha, Andijon viloyatida yashovchi 49 yoshli S.A. (tergov manfaatlari yuzasidan ism-familiyasi oshkor qilinmadi) pul evaziga O‘zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreyaga ishga jo‘natishga va’da bergan.
"U qonunga xilof bo‘lgan boshqa yo‘llar bilan ham pul topgan. U haq evaziga poytaxt oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kiritish uchun vositachilik qilgan, xorijiy o‘quv yurtlari diplomlarini nostrifikatsiya qilinganligi haqida soxta sertifikatlar tayyorlash bilan shug‘ullangan. Ma’lum bo‘lishicha, u ilgari bojxona qonunchiligini buzgani va talonchiligi uchun ikki marta jinoiy javobgarlikka tortilgan", — dedi MXX vakili.
Koreyaga ishga borish istagida bo‘lganlardan pul undirish bilan shug‘ullanuvchi guruhning asosiy tashkilotchisi farg‘onalik U.M. ismli ayol bo‘lib, u o‘zini Toshkentda faoliyat ko‘rsatuvchi Koreya qo‘shma korxonasi vakili deb tanishtirgan.
Ayol go‘yoki Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasidagi tanishlari orqali o‘z yordamini taklif etgan. Odamlarning ishonchiga kirish maqsadida u qimmatbaho buyumlar va taqinchoqlar bilan bezangan, Toyota Prado avtomobilida yurgan.
Bu xarajatlar o‘zini qoplagan. Ushbu jinoiy juftlik qarmog‘iga 40dan ortiq o‘zbekistonliklar ilingan bo‘lib, ularning har biri Koreyaga ishga ketish uchun ularga bir mingdan besh ming dollargacha pulni qo‘shqo‘llab topshirishgan.
MXX xodimlari S.A.ni O‘zbekiston fuqarosini Janubiy Koreyaga ishga jo‘natish uchun so‘ralgan 4 ming dollar puldan ming dollarini olayotgan vaqtda qo‘lga oldilar. Keyinroq uning ayol sherigi ham ushlandi.
Prokuratura organlari yuqoridagi shaxslarga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Tergov ishlari olib borilmoqda.