TOShKENT, 3 apr — Sputnik. Oxiri o‘lim bilan yakun topuvchi "Ko‘k kit" o‘yini O‘zbekistonga ikki oy oldin kirib kelgan, deya rasman xabar qildi O‘zbekiston IIV inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta’minlash boshqarmasi.
IIV matbuot-xizmati ma’lum qilishicha, o‘zbekistonliklarning aksariyati o‘lim guruhlari haqidagi xabarlarga ommaviy vasvasa, deya jiddiy e’tibor berishmagan.
"Fuqarolarning aksariyati bu ommaviy vasvasa, deya fikr bildirishdi. Ammo statistikaga muvofiq, 2016-yil ichida dunyoning turli burchaklarida 720 nafarga yaqin bolalar o‘limga chorlovchi g‘oyalar qurboniga aylanishgan. Mana shu raqamlardan kelib chiqqan holda, bu o‘yinning vahshiyona ko‘rinishiga ehtiyotkorlik bilan yondashishga to‘g‘ri keladi", — deyilgan xabarda.
"Buning sababi shundaki, o‘lishdan oldin kitlar o‘zlarini qirg‘oqqa otadilar, ya’ni o‘z joniga shu tariqa qasd qiladilar. O‘yin mohiyati juda oddiy. Kishi qandaydir da’vatni yozadi va o‘z yozganlariga shunga mos xeshtegni ilova qiladi. Shundan so‘ng "Ko‘k kit" o‘yinini yurituvchilar teglar asosida o‘yinga ishtiyoqmandlarni izlab topib, unga o‘yinni boshlashni taklif qilishadi.
"O‘yinning birinchi shartlari favqulodda darajada oddiy: ishtirokchidan qo‘liga kitning rasmini chizish so‘raladi. Shundan so‘ng o‘ljaga turli topshiriqlar beriladi, bunday vazifalar soni 50ta bo‘ladi. Eng so‘nggi topshiriq nihoyatda shavqatsizligi bilan ajralib turadi: boladan o‘z joniga qasd qilishni talab qilishadi.
Yurtdoshlarimiz bu kabi o‘limga yetaklovchi o‘yinlarga ikki oy oldin qiziqa boshlaganlar.
O‘zbekiston o‘smirlari orasida Instagramm sahifalarida ana shu o‘yin xeshteglari paydo bo‘lgach, huquqni muhofaza qilish organlari zudlik bilan ishga kirishgan", — deyiladi xabarda.
IIV axborotiga ko‘ra, "o‘lim guruhlari"ga kiruvchi o‘smilarning har biriga professional ruhshunoslar biriktirilgan.
"Zurriyodingizni "o‘lim guruhlari"dan asrab qolish uchun ular hayoti bilan tinimsiz qiziqib boring, ular kim bilan do‘st, kim bilan muloqotda, biling. Farzandingizga qimmat telefon olib bermang, u bilan to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘ying", — deb tavsiya bergan IIV.
Ammo ota-onalarga aytar gapimiz shu-ki, o‘g‘il yoki qizingizning xavfsizligi birinchi navbatda sizning qo‘lingizda. Dilbandingiz hayotida qanchalik faol ishtirok etsangiz, bolangizning dunyoqarashini kengaytiradigan sharoitlarni yaratib bersangiz, u hech qachon nosog‘lom ruhiyatga ega kimsalar tomonidan berilayotgan topshiriqlarni bajarmaydi.