TOShKENT, 3 apr — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 aperl tongida Rossiyaga yo‘l oladi. Ushbu munosabat bilan O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ raisi Achilbay Ramatov boshchiligidagi delegatsiya Moskva shahriga tashrif buyurdi, deb xabar qildi Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonasi matbuot-xizmati.
Hujjatlarning asosiy qismi Mirziyoyevning Rossiyaga uyushtiradigan rasmiy safari vaqtida imzolanishi ma’lum qilingan.
Elchixona matbuot xizmatiga ko‘ra, Toshkent va Moskva o‘rtasida Rossiyaning UGMK-Xolding kompaniyasi bilan O‘zbekistonda Tebinbuloq temir konida vanadiy-titan magnetit ruda ishlab chiqish hamda po‘lat ishlab-chiqarish sanoatini rivojlantirish bo‘yicha memorandum (qiymati 1,5 milliard dollar), Toshkent shahridagi metallurgiya zavodi qurilishini moliyalashtirish loyihasi doirasida Asaka bank va "Gazprombank" AJ o‘rtasida hamkorlik bitimi (88 million dollar), "Qishloq xo‘jalik texnikasi Chirchiq zavodi" OAJ ishlab chiqarish maydonlarida hamkorlikda qishloq xo‘jalik texnikasini ishlab-chiqarishni yo‘lga qo‘yish va boshqa qator muhim bitimlar imzolanishi kutilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohasida o‘zaro manfaatli ikkiyoqlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qiladilar. Shuningdek, ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli loyihalarni hamkorlikda ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.