TOShKENT, 29 mar — Sputnik. Mazkur uchrashuv yakuni bo‘yicha RF Prezidentining maxsus vakili ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik istiqbollari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi, deb xabar qildi "Jahon" AA.
"O‘zbekiston va Rossiyani ilm-fan, ta’lim, yoshlar o‘rtasidagi almashuvlar, sport singari sohalarda azal-azaldan o‘zaro yaqin munosabatlar bir-biriga bog‘lab keladi. O‘z-o‘zidan ayonki, bugungi kunda madaniy-gumanitar hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda. Chunki bu yo‘nalishdagi hamkorlik ochiq, ta’sirchan bo‘lib, insonlarning manfaatlariga daxl qiladi.
Bugungi kunda yosh o‘zbek olimlari Rossiyadagi xalqaro ahamiyatga molik bo‘lgan turli loyihalarda faollik ko‘rsatishmoqda. Masalan, xalqaro ilmiy markaz — Dubnadagi Yadro tadqiqotlari birlashgan institutida o‘zbekistonlik istiqbolli tadqiqotchilar nazariy mashg‘ulotlarda ishtirok etishayotgani barobarida yadro qurilmalarida ham ish olib borishayotgani yuqori bahoga loyiqdir. Bundan tashqari, mamlakatlarimiz Fanlar akademiyalari tarix instituti yo‘nalishida ham o‘zaro hamkorlik qilmoqda.
O‘zbekistonning yosh madaniyat, ilm-fan va ta’lim namoyandalari ko‘p tomonlama dasturlarda ishtirok etishmoqda. Xususan, taniqli sport ustasi va Davlat dumasi deputati Irina Rodnina rahbarligida Krasnodarda o‘tkaziladigan maktab olimpiadasida o‘zbek o‘quvchilari faollik ko‘rsatishmoqda. Sobiq jahon chempioni Anatoliy Karpov olib borgan Mixail Botvinnikov nomli musobaqada ham o‘zbek yosh shaxmatchilari muvaffaqiyat bilan ishtirok etdilar.
Biz sobiq ittifoq hududi mamlakatlaridagi ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohasining taniqli namoyandalari mukofotlanadigan "Hamdo‘stlik yulduzlari", yosh olimlar, madaniyat va ta’lim arboblarini rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan "Debutlar hamdo‘stligi" singari muhim tadbirlarda ham O‘zbekiston vakillari qatnashishiga umid qilamiz.
Bilamizki, bu muzey kolleksiyasidan amaliy san’atning nodir yodgorliklari, ilg‘or o‘zbek, qoraqalpoq va rus rassomlarining noyob badiiy san’at durdonalari, qoraqalpoq xalqining benazir etnografik asarlari hamda juda qiziqarli arxeologiya osori-atiqalari joy olgan. Bu, albatta, O‘zbekiston va Rossiya oldida yangi istiqbollar va imkoniyatlar ochilayotganining ramzidir.
So‘zim intihosida shuni aytishni istardimki, 25-yil davomida har bir mamlakatning xalqaro siyosat bo‘yicha o‘z qarashlari, u yoki bu jarayonlar yuzasidan o‘z nuqtayi nazarlari yuzaga kelgan bo‘lsa-da, madaniy-gumanitar hamkorlik sohasida bizning umumiy jihatlarimiz ko‘p ekanligiga mening ishonchim komil. Biz bir-birimizning an’analarimizni, tariximiz va madaniy o‘xshashliklarimizni hurmat qilgan holda o‘zaro hamkorlik uchun ochiqmiz. Umid qilamanki, bu shunday davom etadi".