TOShKENT, 24 mar — Sputnik. Rossiyada 1-iyuldan boshlab xorijiy haydovchilik guvohnomalariga ega bo‘lganlarni ishga qabul qilishni taqiqlash haqidagi qonun bandi kuchga kiradi. Bu haqda Sputnik Tojikiston xabar bermoqda.
Ushbu qoida shaxsiy maqsadlarda avtomobil minadiganlarga talluqli emas. Bu birinchi navbatda taksi va shahar jamoat transporti haydovchilariga tegishli.
Agar ish beruvchi xorijiy haydovchilik guvohnomasi bo‘lgan shaxsni haydovchilikka ishga qabul qiladigan bo‘lsa, 50 ming rubl jarima to‘laydi.
Endi avtomaktabga murojaat qilib barcha imtihonlardan o‘tish va Rossiya haydovchilik guvohnomasini olish uchun avtotransport haydovchilari ixtiyorida uch oy muhlat bor. Qayd qilinishicha, Moskvada barcha yo‘lovchi tashuvchi haydovchilarning beshdan bir qismi ushbu taqiq ostiga tushishlari mumkin.
Hattoki taksichilar bugunning o‘zidayoq haydovchilik guvohnomalarini qayta rasmiylashtirishga kirishsalar ham belgilangan muddatga qadar bunga ulgurishlari qiyin bo‘ladi. Chunki Yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasi shaxsning haqiqatan ham haydovchilik guvohnomasi olganligini tekshirish uchun xorijiy davlatning tegishli organlariga so‘rov yuboradi va uning javobini kutadi.
"Taksist" hududlararo kasaba uyushmalari rahbari Yaroslav Sherbininning aytishicha, hozirda Moskvadagi taksichilarning katta qismi O‘zbekiston, Tojikiston va MDHning boshqa davlatlari haydovchilik guvohnomalariga ega.
Bunda ular ishga ko‘pincha norasmiy tarzda joylashadilar, mashinani esa ijara asosida minadilar. Shunday qilib, ular Rossiya qonunchiligiga ko‘ra yo‘lovchi tashish huquqiga ega emaslar.
Ilgariroq Novosibirsk va Chelyabinsk viloyatlarida migrantlarning qator sohalarga, jumladan yo‘lovchi tashish sohasiga ishga olinishi taqiqlanganligi haqida xabarlar chiqqandi.
Ushbu taqiq joriy etilishiga sabab qilib ekspertlar ish beruvchilarning migrantlarni noqonuniy tarzda ishga olishlarini ko‘rsatishmoqda. Ularning fikricha, xorijlik fuqarolardan haydovchilik guvohnomasini so‘rashmaydi, yo‘l harakati qoidalarini bilishlarini tekshirishmaydi, bu esa yo‘llarda halokatlar keltirib chiqarishi mumkin.