TOShKENT, 23 mar — Sputnik. O‘zbekiston Qozog‘iston bilan tovar aylanmasini ikki milliarddan besh milliard dollarga yetkazmoqchi, dedi O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxov. Bu haqda Sputnik Qozog‘iston xabar bermoqda.
"Yo‘nalishlarni aniqlab olish lozim, shuning uchun ko‘rgazmada to‘qqiz soha tanishtirildi. Strategiyani shakllantirish uchun vaqt kerak, lekin ayni paytda 700 million dollarlikdan ortiq shartnomalar tuzishga erishdik. Kechgacha yana yuz million dollarlik shartnomalar tuziladi deb o‘ylayman. Umuman olganda, tovar aylanmasini besh milliard dollarga yetkazishni maqsad qilganmiz. Investitsiyalarga keladigan bo‘lsak, bu tadbirkorlarning o‘zlariga bog‘liq. Buning uchun mamlakatlarimizda barcha zarur imkoniyatlar mavjud", — dedi Shayxov Ostonadagi Qozog‘iston-O‘zbekiston forumida.
U O‘zbekiston va Qozog‘iston Ipak yo‘lining markazida joylashganligini, shuning uchun logistik imkoniyatlar nuqtayi nazaridan uchinchi mamlakatlarga chiqish hamda o‘zaro savdoni rivojlantirish uchun sharoitlar yetarli ekanligini bildirdi.
"Munosabatlar ilimayapti, balki yanada qaynoq tus olyapti, chunki bu taraqqiyotning, integratsion hamkorlikning yangi bosqichi sari qadamdir. Qozog‘iston biz uchun nafaqat yangi bozor, balki boshqa bozorlarga chiqish uchun birga ishlash imkoniyati hamdir. Bo‘lganda ham nafaqat MDH bozorlariga. Hozirda Xitoy, Yevropa, Amerika va Afrika bozorlariga birgalikda chiqish masalasini muhokama qilmoqdamiz. Chunki qo‘shma korxonalar tashkil etamiz, mamlakatlarimizda rivojlanib borayotgan logistika markazlaridan foydalanamiz", — dedi savdo-sanoat palatasi raisi.
Uning fikricha, hamkorlik masalalarida nafaqat neft-kimyo, o‘g‘it va qishloq xo‘jaligi kabi an’anaviy yo‘nalishlar, balki O‘zbekistonda ham rivojlanib borayotgan axborot texnologiyalari, elektron tijorat, yashil iqtisodiyot, innovatsiyalar haqida ham so‘z boradi.
"Buni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yangi iqtisodiy munosabatlar yaratilishining birinchi bosqichi deb hisoblaymiz. Ilgari munozarali mavzular, hamkorlikdan ko‘ra raqobat mavjud edi. Endilikda biz atrofimizda Rossiya va Xitoy kabi ulkan bozorlar borligini tushunib turibmiz. Masalan, Xitoy juda ulkan bozor. Ayniqsa, oziq-ovqat yo‘nalishida. Ushbu talabni birgina Qozog‘iston biznesmenlari kuchi bilan qondirishning imkoni yo‘q. Birlashishimiz darkor", — dedi o‘z navbatida "Atameken" tadbirkorlar milliy palatasi raisi o‘rinbosari Nurjan Altayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, iqlimiy va boshqa sabablarga ko‘ra Qozog‘istonda ishlab chiqarilmaydigan mahsulotlar borasida ish olib borish mumkin.
"Aqlli tadbirkor va ishbilarmonlar barcha narsada to‘siqni emas, imkoniyatni ko‘radilar. Bugungi ko‘rgazmada ham xom ashyo sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan ko‘plab narsalarni ko‘rish mumkin. Bizda ko‘plab tikuvchilik korxonalari bor, lekin xom ashyoni boshqa mamlakatlardan sotib olishadi. Bu yerda esa O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish imkoniyati mavjud va bu bizga anchagina arzon tushadi", — dedi u.
Altayevning ma’lumot berishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashriifi doirasida tomonlar o‘rtasida 840 million dollarlikdan ortiq 92 kelishuv imzolangan va forum yakunida qiymati 94 million dollar bo‘lgan yana o‘nta hujjat imzolanishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, uning aytishicha, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan qator muammolar mavjud. Bular Qozog‘istonning un, keramik plita kabi mahsulotlariga nisbatan aksiz qiymati, qozoq yuklarini O‘zbekiston orqali tranzit qilish bahosining yuqoriligi hamda valyuta konvertatsiyasi masalalaridir. Biroq "Atameken" raisi o‘rinbosarining aytishicha, aksariyat jiddiy muammolar O‘zbekiston prezidentining tashrifi davomida o‘z yechimini topgan.
Bundan tashqari, u Qozog‘iston tashqi savdo palatasi va O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi o‘rtasida hamkorlik kengashi tashkil etish haqida kelishuv imzolanishini ma’lum qildi. Ushbu kengash ikki davlat tadbirkorlar hamjamiyatlarini bo‘lib o‘tadigan barcha tadbirlar, forumlar va ishbilarmonlik uchrashuvlaridan xabardor qilib turadi.