TOShKENT, 19 mar — Sputnik. O‘zbekiston Milliy matbuot markazida, Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan, aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta’minlash mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, "Jahon" axborot agentligi xabari asosida.
Tadbirda «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi, «O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik konserni, Toshkent farmatsevtika instituti vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Hojiboyev, «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi A.Komilov, «O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik konserni boshqaruvi apparat rahbari N.Ibrohimov va boshqalar so‘zga chiqib, inson salomatligini muhofazalashda aholini sifatli, arzon dori-darmon bilan ta’minlash ham muhim omil bo‘lishini ta’kidladi.
Jurnalistlar e’tiboriga taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish borasida izchil ish olib borilmoqda. Bugungi kunda 150 farmatsevtika korxonasi tomonidan 2200dan ortiq dori vositalari va tibbiyot buyumi ishlab chiqarilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 5-yanvar va 7-fevral kunlari sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan uchrashib sohadagi muammolarni jiddiy tanqid ostiga olgan edi.
Anjumanda ta’kidlanishiga ko‘ra, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tegishli tashkilot va muassasalar bilan hamkorlikda tibbiyot sohasidagi va aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlash borasida chora-tadbirlarni o‘z vaqtida hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Shuningdek, dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlariga narx belgilash tartibi buzilishi bilan bog‘liq holatlarning oldini olish borasida qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Iste’molchilarning bu boradagi murojaati, taklif, ariza va shikoyatlarini o‘z vaqtida hal etish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining (0371) 242-84-16 raqamli “ishonch telefoni” ishga tushirildi. Har bir murojaat Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ul xodimlari tomonidan ko‘rib chiqilib, qonun doirasida hal etilmoqda.