TOShKENT, 17 mar — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-mart kuni tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) prezidenti Suma Chakrabartini qabul qildi, deb xabar qilmoqda TIV matbuot-xizmati.
Mirziyoyev mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston va YTTB o‘rtasida o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish muhimligini alohida qayd etgan.
Mazkur bank bilan hamkorlik yillarida O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida YeTTBning 500 million dollardan ziyod mablag‘ini jalb etgan holda 54 loyiha hayotga tatbiq etildi.
Uchrashuvda istiqbolga mo‘ljallangan qo‘shma Hamkorlik dasturini tayyorlash, kichik biznes subektlari loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga ko‘maklashishga doir tadbirlar o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti mamlakatga tashrifi dasturiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralarda ham qator muzokaralar o‘tkazgan. Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum va Tabiatni muhofaza qilish sohasiga texnik ko‘maklashish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bitim imzolangan.