TOShKENT, 15 mar — Sputnik, Anton Kurilkin. Moskvadagi ko‘rgazmalar markazida an’anaviy xalqaro turizm ko‘rgazmasi boshlandi. O‘zbekiston o‘tgan yilgi kabi bu yil ham o‘zining bor maftunkorligini namoyish etdi. Yangi mavsumdagi ko‘rgazma tafsilotlari Sputnik O‘zbekiston muxbiri lavhasida.
Barcha ishtirokchi mamlakatlar tashrif buyuruvchilarni o‘z uslublarida jalb etishga urinishdi. Ispan kurortlari ko‘rgazmaga kelganlarni multqahramon-konkistador bilan suratga tushishga chorladi.
Isroil va Qozog‘iston esa tarixiy emas, zamonaviy texnologiyalar — illyuminatsiya, yorqin ko‘rgazmalar va go‘zal fotosuratlar tasvirlangan monitorlarga urg‘u berishdi.
Qirg‘iziston esa ko‘rgazmaga o‘tov bilan keldi, o‘tov yonidagi ustunda esa katta harflar bilan "Qirg‘iziston — xorijiy pasportning hojati yo‘q!" degan so‘zlar yozib qo‘yilgandi.
O‘zbekiston esa qo‘shnilaridan farqli o‘laroq mehmonlarni haqiqiy toshkent oshi va shirinliklar bilan kutib oldi.
Oshpazlar saxiylik bilan tarqatayotgan palovni totib ko‘rish uchun uzun navbat paydo bo‘ldi. Qorinlarini to‘qlagan mehmonlar O‘zbekiston turistik kompaniyalari ko‘rgazmasini qiziqish bilan kuzatishni boshlashdi.
Biz turizm biznesining ayrim vakillari bilan suhbatlashdik. Samarqanddagi Shahriyor-Tour kompaniyasi direktori Rahmon Jiyanovning aytishicha, Rossiyadan bu shaharga turistlar ko‘p kelishadi. Ularning aksariyati moskvaliklar, ikkinchi o‘rinda peterburgliklar turadi. Shuningdek, Rostov va Sibirdan ham ko‘pchilik keladi.
"Keyingi yillarda rossiyalik turistlar soni oshib bormoqda. Mamlakatimizda turoperatorlar uchun borgan sari imkoniyatlar kengaymoqda — imtiyozlar berilyapti, davlatning o‘zi bizni qo‘llab-quvvatlayapti", — dedi Jiyanov.
Toshkentdagi Marco Polo turistik kompaniyasi menejeri Alisa Konovalenkoning aytishicha, rossiyalik turistlar O‘zbekistonga o‘zlari mustaqil tashrif buyurishadi.
Konovalenkoning so‘zlariga ko‘ra, turistlarning aksariyati tarixiy maskanlar bilan qiziqishadi. Lekin ekstremal turizm, masalan, Orol dengizi bo‘ylab jip-tur yoki cho‘lda o‘tovlarda tunni o‘tkazishga qiziqadiganlar ham uchrab turadi.
Azimut kompaniyasi vakili esa Yevropa va Rossiya turistlari orasidagi qiziq tafovutni aytib o‘tdi. Uning aytishicha, yevropalik turistlarni asosan tarixiy majmualar qiziqtiradi, rossiyaliklar esa "kompleks" sayohatni xush ko‘rishadi — ular tarixiy maskanlarni ham ko‘rishadi, milliy oshxona bilan ham tanishishadi, tabiat qo‘ynida ham bo‘lishadi.
Suhbatimizni to‘xtatishga to‘g‘ri keldi — O‘zbekistonga ajratilgan stendda musiqa yangradi. Milliy libosdagi erkak "musiqiy choyxona"ga taklif qildi va qo‘shiq kuylay boshladi, unga rubobli sozanda qo‘shildi.
Tashrif buyurganlar haqiqiy mini-shouni telefonlariga tasvirga olishga tushib ketishdi: o‘zbek qo‘shig‘i, musiqasi va raqslari barchani o‘ziga chorladi.
O‘zbekiston stendi tashrif buyurganlar uchun ohanraboga aylandi — qo‘shni ko‘rgazmalarda o‘zbeklar shousini havas va hasad bilan kuzatayotgan ko‘rgazma egalarigina qolishdi. Ayniqsa, Saxalin stendiga qiyin bo‘ldi — Rossiyaning sharqiy o‘lkasiga sayohat qilishga qiziqayotganlarning barchasi O‘zbekiston ko‘rgazmasiga ketib qolishdi.
Tomosha nihoyasiga yetgach, Ekspomarkazning ulkan zalida yana harakat jonlandi. Ayollardan biri esa shunday deb yubordi: "Ha, O‘zbekiston qizitdi!"
O‘zbekiston ko‘rgazmani haqiqatan ham qizitdi. Ushbu ko‘rgazmadan so‘ng Xiva, Samarqand va Buxoro reklamaga muhtoj bo‘lmasa-da, bu shaharlarga keladigan turistlar soni yanada oshadi degan umiddamiz.