TOShKENT, 15 fev — Sputnik. O‘zbekiston va Rossiya turizm sohasida hukumatlararo kelishuv tayyorlamoqda, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimovning so‘zlariga asoslanib.
Azimovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatlar turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasida keng istiqbolga ega va yangi hujjat o‘zaro turistlar oqimi oshishi hamda ikki mamlakatning yetakchi turoperatorlari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga xizmat qiladi.
"Biz Rossiya fuqarolarining O‘zbekistondagi Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent va boshqa shaharlarga tashrif buyurishga qiziqish yuqori ekanligini ko‘rib turibmiz. Mazkur yo‘nalishda tarixiy, ekologik, rekreatsion, gastronomik, madaniy va boshqa ko‘rinishdagi turizm sohalarini rivojlantirish bo‘yicha ulkan istiqbol mavjud", — dedi Rustam Azimov.
Bosh vazir o‘rinbosari shu bilan birga o‘zbekistonliklar orasida nafaqat Moskva va Sankt-Peterburg, balki Oltin halqa shaharlari, Volga va Shimoliy Kavkaz, Qora dengiz va Baykal ko‘liga sayohat qilishga qiziqish oshib borayotganligini qayd etdi.
"Biz hamkorlikda, jumladan faol reklama va piar-kompaniyalar yordamida o‘zaro turistlar oqimini sezilarli ravishda oshirish uchun qulay muhit yaratishimiz darkor", — deb ta’kidladi Azimov.
Rossiyaga O‘zbekistondan har yili 2 milliondan ortiq kishi, asosan mehnat migrantlari tashrif buyuradi. Rossiyadan esa O‘zbekistonga har yili 120-200 ming RF fuqarolari kelishadi.