TOShKENT, 9 mar — Sputnik. O‘zbekistonda mehmonxonalar uchun alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishda "besh yuz metr" cheklovi bekor qilinishi mumkin, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Hozirda ekspertlar hamjamiyatida mazkur masala keng muhokama qilinmoqda. Ayni paytda respublikada savdo obyektlarining ta’lim, sport va diniy maskanlardan besh yuz metrdan kam masofada alkogol va tamaki mahsulotlari bilan savdo qilishi taqiqlanadi.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur talab boshqa korxonalar vositasida turistlar va mehmonlar uchun alkogol hamda tamaki mahsulotlari savdosini tashkil qilmoqchi bo‘lgan mehmonxona xizmati ko‘rsatuvchi subyektlarning huquqlarini cheklaydi. Shu bilan birga, turistlar o‘zlari turgan mehmonxonada imkon boricha ko‘proq turdagi xizmatlar ko‘rsatilishini hisobga olishadi.
Shu bois mehmonxonadagi har bir ko‘chma nuqta uchun alkogol mahsulotini sotish uchun ruxsatnoma olish bo‘yicha talabni bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bunda, meyorga ko‘ra, mehmonxonada alkogol mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi bir nechta nuqta bo‘lishi lozim.
Ekspertlar bu mahalliy mehmonxonalarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi degan fikrdalar.
Mehmonxona xizmati ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi subyektlarning qo‘shimcha chiqim qilishlariga sabab bo‘layotgan yana bir omil bu mehmonxonaga keluvchilarga o‘z avtotransportida xizmat ko‘rsatish uchun majburiy litsenziya olishidir. Bunga mehmonlarni aeroport yoki vokzalda kutib olish, mehmonxonaga olib kelish va manzilga olib borish kabilar kiradi.
Mehmonxonalar mehmonlarga o‘z avtotransportlarida to‘siqlarsiz xizmat ko‘rsatishlari uchun ushbu yo‘nalishdagi litsenziyalarni bekor qilish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, tez orada mehmonxona ichida mini-ATS orqali telefon aloqasi xizmatini ko‘rsatish uchun ham litsenziya olishga hojat qolmaydi.